XUSUSIY BANDLIK AGENTLIKLARI RAHBARLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
"Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunining joriy yil 13 noyabrdan kuchga kirishi munosabati bilan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirilishini ta’minlash maqsadida xususiy bandlik agentliklari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, Bosh prokuratura, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz fuqarolarini xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tashqi mehnat migrasiyasi jarayonlarida ishtirok etayotgan fuqarolarning chet elda ishlab kelish zarurati va omillari tahlil qilinib, ularning muammolari, mashaqqatli mehnati evaziga turmush darajasini ko‘tarish bo‘yicha orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda 103 ta xususiy bandlik agentligi reyestr ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, shundan 75 tasiga lisenziya berilgan va hozirda 25 tasi ushbu lisenziya asosida faoliyat yuritmoqda.
2019-2020 yillarda XBAning sa’y-harakati natijasida 3214 nafar O‘zbekiston fuqarolari Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Ukraina va Qatar kabi davlatlarga ishga joylashtirildi. Biroq, XBA tomonidan lisenziya talablari va shartlarini buzish holatlari uchramoqda. Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 11 ta XBAning 51 nafar rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur XBAlar tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd. so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, kelgusida XBA tomonidan jinoiy harakatlarning oldini olish maqsadida 2020 yil 13 avgustda O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati xususiy bandlik agentliklari rahbarlariga tushuntirildi.
Uchrashuvda soha mutaxassislari XBAlar rahbarlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javob qaytardi.