Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

15.09.2020

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 sentyabrda imzolangan "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimi joriy qilinmoqda hamda uning 6ta asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda.

Jumladan:

✅ tashqi mehnat migrasiyasi sohasida xalqaro hamkorlik rivojlantiriladi, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va o‘zbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlanadi;
xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitiladi, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar beriladi;

✅ mehnat migrantlari moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi, ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyoti kengaytiriladi, ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi;

✅ mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan shaxslar reintegrasiya qilinadi, shu jumladan ularning bandligi ta’minlanadi, kasbiy malakasi oshiriladi va tadbirkorlik tashabbuslari rag‘batlantiriladi.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi hududiy filiallarining ishi quyidagi tartibda tashkil etiladi:

✅hokimlar hududiy filiallarga umumiy rahbarlik qiladi hamda ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlaydi;

✅ hududiy filial rahbarlari bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining yordamchilari hisoblanadigan bo‘ldi;

✅ hokimliklar mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan hududiy filiallarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda faoliyatiga malakali mutaxassislarni jalb qilish choralarini ko‘radi;

Shuningdek, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining hududiy filiallariga quyidagi huquqlar berilmoqda:

✅ xorijiy ish beruvchilar va ularning vakillari bilan bevosita kelishuvlar tuzish hamda tuzilgan kelishuvlarga asosan fuqarolarni ishga yuborish;

✅ xorijiy mamlakatlarning hududiy migrasiya va boshqa davlat organlari bilan aloqalar o‘rnatish va muzokaralar o‘tkazish, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;

✅ xorijiy (xalqaro) moliya institutlari migrasiya sohasini rivojlantirishga ajratiladigan grantlarini jalb qilish.