Xalqaro mehnat tashkilotining “Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli konvensiyasining O‘zbekistonda qo‘llanishi hamda uning amaliy ahamiyati

23.06.2021

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1976 yilning 21 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida qabul qilingan “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli Konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2019 yilning 4 mart kuni ratifikatsiya qilindi.

Mazkur muddatga qadar “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli Konvensiyasi dunyoning 139 ta davlati, jumladan Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kabi MDH davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan edi hamda O‘zbekiston ushbu davlatlar ichida 140-davlat bo‘lib ushbu konvensiyaning talablariga rioya qiluvchi davlat sifatida qo‘shildi.

Shu asosda, Xalqaro mehnat tashkilotining 1976 yilgi “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli Konvensiyasi hamda “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlarning tartib-taomili hamda Xalqaro mehnat tashkiloti faoliyatiga taalluqli milliy tadbirlar to‘g‘risida”gi 152-sonli Tavsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi “Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyalar to‘g‘risida”gi 553-sonli qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan doimiy faoliyat yuritadigan respublika va hududiy darajada ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyasilar tashkil etilishi belgilab berildi. Dunyoning AQSH, Xindiston, Urugvay, Estoniya va boshqa davlatlari kabi O‘zbekiston Respublikasida ham doimiy faoliyat yuritadigan uch tomonlama komissiyalarning tuzilishi hukumat, ish beruvchilar va xodimlar vakillarining doimiy ravishda ijtimoiy, iqtisodiy va mehnat sohasida fikr almashishlariga va tomonlar o‘rtasidagi ijtimoiy muloqot o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi.

Ushbu konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligida ko‘plab iplementatsiyalar qilinishini talab etmasdi. Sababi, bir necha yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining ko‘plab konvensiyalari, tavsiyalari va mehnat standartlari ratifikatsiya qilinib, milliy qonunchiligimizga muvofiqligi masalasiga e’tibor qaratildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 34-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Konstitusiyaning 56-moddasida, O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Konstitusiyaning 59-moddasiga binoan kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir. Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 28-moddasiga muvofiq, ish beruvchilar uyushmalarga, assosiatsiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga birlashishga haqlidir. Ish beruvchilarning jamoat birlashmalari ixtiyoriy jamoat tashkilotlari sifatida tuziladi va ish olib boradi, ularning maqsadi iqtisodiyotni va tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirish va samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari bilan o‘zaro munosabatlarda korxonalar va ular mulkdorlarining manfaatlarini ifoda etish yo‘li bilan ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish, xo‘jalik va mehnatga oid munosabatlar sohasida ularning huquqlarini himoya qilishdan iboratdir. 

O‘zbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuning 4-moddasiga ko‘ra, mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’lim olayotgan, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxslar (bundan buyon matnda xodimlar deb yuritiladi) hech qanday tafovutsiz o‘z tanloviga ko‘ra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan a’zo bo‘lish huquqiga egadir.

Shuningdek, mazkur qonunning 12-moddasiga ko‘ra, davlat kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi. Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi. Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shu jumladan ularning faoliyati to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 18 ta konvensiyasi hamda 1 ta Bayonnomasi ratifikatsiya qilingan bo‘lib, mazkur xalqaro normalar O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga ko‘maklashmoqda.

Shuni aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligida “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli Konvensiyasi talablarini inkor etadigan normalar mavjud emas. Shunga qaramasdan, mazkur konvensiyada belgilangan talablar asosida davlat boshqaruvi organlari, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari va birlashmalari o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha samarali hamkorlikni amalga oshirish zarur hisoblanadi.

Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi hamda mehnat sohasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ijtimoiy sheriklik organi hisoblanadi.

Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarning tuzilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ish beruvchilar va xodimlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish, jamoa muzokaralariga ko‘maklashish, Bosh va hududiy kelishuvlar tuzish hamda ularning ijrosini nazorat qilish orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa shartnomalari asosida tartibga solishga ko‘maklashish hisoblanadi.

Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uchtomonlama komissiyalarning ish beruvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek jamoa shartnomalari va kelishuvlari talablariga rioya etilishi ustidan o‘tkazilgan jamoatchilik nazorati davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga 47 ta ko‘rsatma kiritilib, 30 mlrd. so‘mga yaqin oylik ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlik bartaraf etildi.