XALQARO MEHNAT TASHKILOTI YANGI LOYIHALARNI QO‘LLAB-QUVVATLAYDI
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Beate Andreyes bilan uchrashdi.
Unda kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan bir qator masalalar va takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, XMT bilan hamkorlikda "Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun Global akselerator" dasturining ishga tushirilishi dolzarbligiga e’tibor qaratilib, O‘zbekistonni ushbu tashabbusda birinchi mamlakat sifatida e’tirof etilgani alohida ahamiyatga ega hodisa ekanligi ta’kidlandi.
XMT Bosh direktori Gilbert Ungbo tomonidan ilgari surilgan “Ijtimoiy adolat uchun global koalisiya” tashabbusida mamlakatimizning ishtirok etishi yurtimizda mehnat huquqlari ta’sirchanligini oshirish, erkin tanlangan bandlikni rag‘batlantirish, mehnat sohasidagi halol raqobatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuvda "Better Work" dasturi doirasida hamkorlikni yanada yaxshilashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
INDITEX global tikuvchilik kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Paxta yetkazib berish zanjirida asosiy tamoyillar va mehnat huquqlari” nomli yangi loyihani hayotga tatbiq uchun texnik ko‘mak jalb etilishiga kelishildi.
2024-2025-yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat sharoitini yanada rivojlantirish bo‘yicha mamlakat dasturini amalga tatbiq etishga oid uch tomonlama hamkorlikda yangi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan takliflar o‘rganildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan loyihalar yuzasidan jadal muzokaralar olib borib, amaliy ishlarni boshlashga kelishildi.