Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan ishchi kuchini odilona yollash masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat sohasi bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish va jahon standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro doiradagi munosabatlar va hamkorlik aloqalarini mustahkamlab kelmoqda.
2019-yilning 24-aprel kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham mehnat sohasidagi o‘zaro hamkorlik istiqqbollariga qaratildi.
Uchrashuvda ishchi kuchini odilona yollash bo‘yicha xalqaro konsultant Fil Fishman, XMTning “O‘zbekistonda munosib mehnat Davlat dasturini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi texnik bosh maslahatchisi Anton Xauzen, XMTning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Azizxon Xonxo‘jaev hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov, Xalqaro hamkorlik va XMT bilan o‘zaro munosabatlar boshqarmasi boshlig‘i yekaterina Gorbunova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda ishchi kuchini yollash mexanizmi, bu borada olib borilayotgan sa'y-harakatlar, majburiy mehnatni bartaraf etish va tashqi mehnat migratsiyasi kabi masalalar xususida fikr almashdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov mehnat sohasidagi vazifalarni samarali hal etishda jahon amaliyoti va xalqaro ekspertlar tajribasining muhim ahamiyatga egaligini, shu ma'noda, XMT vakillari bilan uchrashuv kelgusi hamkorlik ishlariga zamin yaratishini ta'kidlab o‘tdi.
XMT vakillari joriy yilning 30-apreliga qadar ishchi kuchini odilona yollash masalasi bo‘yicha Toshkent, Jizzax, Farg‘ona hududlarida bo‘lib, tegishli davlat organlarining mas'ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.