Voyaga yetmagan shaxsni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilandi

16.02.2021

Bugungi kunda odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitasiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan mamlakatimizda voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga, taqiqlangan yoki g‘ayriqonuniy birlashmalar faoliyatiga jalb qilish hamda voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish holatlariga chek qo‘yish va bunday harakatlarni sodir etganlarning javobgarligini so‘zsiz ta’minlashda qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 12 fevraldagi № O‘RQ-673-son “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni ushbu tizimli choralarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur Qonunda voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasida g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undash uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu esa voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalariga jalb qilish uchun keskin choralar ko‘rish orqali voyaga yetmaganlarning mazkur jinoyatlar qurboni bo‘lishi xavfining oldini olishga, ular manfaatlarining davlat tomonidan kafolatli himoyalashni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, shu tariqa xalqaro maydonda davlatimiz nufuzi oshishiga, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida xolis va to‘g‘ri ma’lumotlarni keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazishga yordam beradi.