Vazirlik mutasaddilari Sirdaryoda

19.07.2021

Dastlab, Guliston shahridagi “Ishga marhamat” Monomarkazidagi bugungi kunda kasb-hunar sirlarini o‘rganayotgan 425 nafar tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi va markaz hududidini obodonlashtirish, xonalarni kasbga oid lavhalar bilan boyitish hamda MFY, umumta’lim maktablari, sektor rahbarlari va shahar (tuman) hokimliklari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Ikkinchi manzil Sayxunobod tuman “Paxtaobod” MFYdagi sobiq Sayxunobod Agrosanoat kasb-hunar kolleji binosida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi bo‘ldi. U yerda jihozlar bilan o‘qishni tashkil etish, kasb-hunarga o‘qitish markazlarini malakali o‘qituvchilar bilan shakllantirish hamda tumandagi “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftaridagi fuqarolarning ehtiyoji asosida tikuvchilik, qandolatchilik, sartaroshlik va tumandagi “Poly tex Sirdaryo” klasterining talabnomasi bilan yog‘ni qayta ishlash yo‘nalishida o‘qishga fuqarolarni jalb qilish yuzasidan takliflar berildi.

Shuningdek, Boyovut tumanida joriy yilda tashkil qilingan “Boyovut Naslli quyonlar” ishlab chiqarish kooperativi bilan yaqindan tanishildi. U yerga “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan 49 nafar fuqarolar a’zo sifatida biriktirilgan bo‘lib, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 120.5 mln.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Bundan tashqari Guliston shahridagi “Do‘stlik” MFYda tikuvchilik yo‘nalishida tashkil etilgan “Omadli ayollar” ishlab chiqarish kooperativi faoliyati ham o‘rganildi. Hozirda u yerga 50 nafar “Temir daftar” “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin qizlar biriktirilgan bo‘lib, Bandlikka ko‘maklashish Davlat jamg‘armasidan 111.5 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.