Vazir Sherzod Kudbiyev Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon bilan uchrashuv o‘tkazdi
18-iyun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston hozirda mehnat sohasi bo‘yicha Koreya Respublikasi bilan faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Xususan, bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyat yuritmoqda. Bu kabi markazlarni tizimli ravishda respublikaning boshqa hududlarida tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijdagi ilk vakolatxonasi ham ayni Koreya (Kvanju shahri)da tashkil etildi.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston fuqarolari vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun boradigan asosiy davlatlardan hisoblanadi. Joriy yil Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Koreya Respublikasida ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun koreys tilidan saralash test sinovini o‘tkazish bo‘yicha yangi shaffof tizimni joriy qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar mehnat sohasi tizimidagi shu kabi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va mehnat migratsiyasi bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish masalalari haqida fikr almashdi.