Vazir Nozim Xusanov Koreya Respublikasi Immigratsiya xizmati komissari Cha Gyu Gin bilan uchrashdi

23.06.2021

Bugun, 23 iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov Koreya Respublikasi Immigratsiya xizmati komissari Cha Gyu Gin bilan uchrashdi.

Uchrashuvda pandemiya davrida O‘zbekiston fuqarolarini Koreyaga E-9 vizasi bilan ishga yuborish jarayonini tiklash, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining Koreyada noqonuniy qolish holatlarini oldini olish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekistondagi mehnat resurslari salohiyati, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati vazirligi, Bandlik va mehnat vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning ijobiy natijasi haqida ma’lumot almashdilar.

Shundan so‘ng, hozirgi kunda 1634 nafar fuqaroga Koreys ish beruvchilari tomonidan mehnat shartnomalari berilgani, lekin ushbu fuqarolar pandemiya sabab uzoq vaqt davomida o‘z ish joylariga kirib bora olmayotganiga N.Xusanov alohida to‘xtalib, bu jarayonga Immigratsiya xizmatidan amaliy yordam so‘radi.

O‘z o‘rnida, O‘zbekiston tomoni Koreyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo‘natiladigan fuqarolarni Koreya Respublikasi hukumati va Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha maxsus komissiya talabidan kelib chiqib tavsiya etilgan vaksinalar bilan emlash, ketishdan oldin 14 kunlik izolyatsiyalash va ushbu karantin tadbirlarini tashkil etishni kuzatish uchun koreyalik mutaxassislarni jalb etishga tayyorligini bildirdi. 

Koreya tomoni E-9 viza turi bilan asosan sanoat sohasiga 16 ta xorij davlatidan mehnat migrantlari jalb etib kelinganligi, lekin pandemiya sabab ushbu sohalardagi bo‘sh o‘rinlarga Koreya Respublikasi fuqarolarining ham talabi ortib borayotgani to‘g‘risida ma’lum qilib, bu jarayonni har ikki mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda bosqichma-bosqich tiklash masalasi maxsus komissiya yig‘ilishida muhokamaga qo‘yilishini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning mehnat salohiyati bilan tanishish maqsadida Koreya Respublikasi Immigratsiya xizmati komissari Cha Gyu Gin boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirish bo‘yicha kelishib oldilar.