Toshkentda ikkinchi Inklyuziv biznes-forum bo‘lib o‘tadi

14.04.2023

 

Toshkentda ikkinchi Inklyuziv biznes-forum bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 27 aprel kuni Toshkent shahridagi Panarams mehmonxonasida gibrid formatdagi Ikkinchi “Inklyuziv biznes-forum” bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ishtirok etish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuziv mehnat masalalariga befarq bo‘lmagan mahalliy biznes va ijtimoiy soha vakillari hamda ommaviy axborot vositalari taklif etiladi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ijtimoiy buyurtmasi asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan www.ishplus.uzmaxsus rekruting veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash” loyihasi doirasida o‘tkaziladi.

«Men O‘zbekiston Milliy universitetida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishining ikkinchi kurs talabasiman. Yoshim 20 da. Shu paytgacha ko‘plab ijtimoiy loyihalarda ishtirok etganman va www.ishplus.uz veb-portali orqali hozirgi ish lavozimimga ega bo‘lganman. Ayni damda men “IMKON WATER” kompaniyasida operator lavozimida faoliyat olib bormoqdaman», — deydi nogironligi bo‘lgan ish izlovchi Madina Po‘latova.

Forum 4 yirik mavzudagi sessiya muhokamalarini o‘z ichiga oladi:
● nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasiga hamda xalqaro tashkilotlarga ishga kiritish: amaliy tajriba va muvaffaqiyatli hikoyalar;
● O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish: subsidiya va imtiyozlar
● nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishda ish beruvchilar oldida qanday majburiyatlar bor?
● mamlakatimizda inklyuziv biznes amaliyotlarini rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar va to‘siqlar mavjud?

«Barcha xodimlarning ehtiyojlarini inobatga oladigan va ularinng ijtimoiy kelib chiqishi va jismoniy holatidan qat’i nazar ularga ham barcha qatori o‘z salohiyatlarini to‘liq amalga oshirishga imkon beradigan inklyuziv ish joylarini yaratish bizneslar uchun raqobatbardosh bo‘lishga va muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi», — deydi forum ambassadori “CARE CSR” konsalting kompaniyasi asoschisi va direktori Malika Sharipova.

Forumda o‘z nutqi bilan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova, Britaniya Kengashi, YUNISEF, Jahon banki hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, shuningdek, yirik, o‘rta va kichik mahalliy kompaniyalarning rahbarlari va kadrlar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etadi.

Ishtirok etish bepul — offlayn ishtirok uchun joylar soni cheklangan bo‘lib oldindan ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya etamiz. Siz onlayn tarzda Zoom ilovasi orqali ham ishtirok

etishingiz mumkin. Jonli efirni tashkilotimizning YouTube kanalida yoki forum.ishplus.uz saytida ham tomosha qilish imkoniyatingiz bo‘ladi.

O‘tkazilish sanasi: 27 aprel 2023 yil
Tadbir boshlanish vaqti: 10:00 (Ro‘yxatga olish 9:30 da boshlanadi) Manzil: “Panarams” mehmonxonasi
Qo‘shimcha ma’lumotlarni info@ishplus.uz elektron manziliga yozish yoki + 998 (90) 818−07−08 telefon raqami orqali olish mumkin.