O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRLIGIDA VIDEOKONFERENSALOQA SHAKLIDA UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI

12.11.2020

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Finlyandiya bandlik va iqtisodiyot vazirligi vakillari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvlar bo‘yicha sherik-davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarning rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  

Uchrashuv boshida Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi M.Liivala turli sohalar, shu jumladan, mehnat munosabatlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun yuqori imkoniyat mavjudligini taʼkidladi.

Finlyandiyaning bandlik va iqtisodiyot vazirining maslahatchisi O.Soraynen mehnat bozori holati, unga  COVID-19 pandemiyasining taʼsiri hamda mamlakatda ishsizlik darajasini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha batafsil maʼlumot berdi.

Finlyandiya bandlik va iqtisodiyot vazirligi Yevro Ittifoq va xalqaro ishlar Departamentining direktori M.Xurtta Finlyandiya mehnat bozorida xorijdan, shu jumladan, O‘zbekistondan keltiriladigan ishchi kuchiga ehtiyoj katta ekanligini taʼkidladi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov bu boradagi hamkorlik uchun yuksak salohiyat mavjudligini aytib o‘tdi. Shuningdek, E.Muxitdinov Finlyandiya davlatida O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirishdagi hamkorlikni tashkillashtirilgan yollanma mexanizmlarni joriy etish orqali yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Shuningdek, tadbirda mehnat migrantlarini chet elga ketishidan oldingi tayyorgarligi, yaʼni, xorijiy mamlakatlar ish beruvchilarining talablariga mos ravishda turli kasblarga va tilga o‘rgatishdagi  O‘zbekistonning tajribasi bo‘yicha maʼlumot berildi.

Bundan tashqari E.Muxitdinov Finlyandiyadagi o‘zbek mehnat migrantlarining mahalliy mehnat bozori talablariga moslashtirish uchun ularni turli kasblarga onlayn shaklda o‘qitish dasturlarini shakllantirish imkoniyatlari mavjudligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Uchrashuv qatnashchilari kelgusidagi rejalar bo‘yicha fikr almashib, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan samarali muloqotni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar. Qolaversa, tomonlar birgalikda ishlab chiqiladigan va imzo qo‘yiladigan ikki tomonlama  hujjatlar asosida shakllanadigan hamkorlik xuquqiy meʼyorlarining istiqbollarini muhokama qilishdi.