O‘zbekiston va Rossiya mehnat vazirlari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni belgilab oldilar
Moskvada O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada mehnat faoliyatini tashkil etish tizimini takomillashtirish va jalb etish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilkdagi innovatsiyalar bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov rossiyalik hamkasbiga O‘zbekiston Mehnat vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida kasb-hunar ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama Bitim imzolangani haqida ma’lumot berdi.
“2017-yilda imzolangan tashkiliy ishga qabul qilish boʻyicha hukumatlararo kelishuv pandemiya davrida mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi. Ishga qabul qilish tartib-taomillarini ham xodim, ham ish beruvchi uchun imkon qadar sodda va qulay qilib, har ikki tomon uchun zarur kafolatlarni ta’minlash zarur”, — dedi vazir Nozim Xusanov.
Vazirning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda yetakchi rol oʻynamoqda. Mamlakatning har bir hududida ishsiz aholiga xizmat ko‘rsatish, kasb-hunar va til o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘rgatish, mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha maslahatlar berishning o‘ziga xos tizimi ham yaratilgan.
Muzokaralar natijasida tomonlar 2017-yilgi tashkiliy ishga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritish, mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va mehnat muhofazasini ta’minlash, korxonalarda shikastlanishlar darajasini pasaytirish sohasida mehnat organlari xodimlarini qo‘shma o‘quv dasturlari va amaliyot o‘tash jarayonini rejalashtirish, shuningdek, mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.