O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida onlayn-konferensiya tashkil etiladi

17.09.2020

Joriy yilning 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorligida «COVID-19 pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ish bilan bandlik va munosib mehnatni rag‘batlantirish» mavzusida onlayn-konferensiya tashkil etiladi.

Onlayn-konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining COVID-19 pandemiyasi davrida ishsizlik va qisman bandlikni qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlar yoritilgan yangi hisobot risolasining chiqarilishiga bag‘ishlangan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov hamda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktorining yordamchisi va XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi direktori Xayns Koller to‘rtta talabga muvofiq COVID-19 oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini muhokama qiladilar. Jumladan Ishchilarni himoya qilish: ishchilarning huquqlarini himoya qilish va ish joyida virus tarqalishini cheklash;

Ish o‘rni va daromadlarni qo‘llab-quvvatlash: korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ishchi kuchiga talabni rag‘batlantirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish;

Yangi imkoniyatlarni yaratish: grantlar, subsidiyalar ajratish, kasb-hunarga o‘qitish va jamoat ishlarida vaqtincha ish bilan ta’minlash;

Ijtimoiy muloqotni kuchaytirish: aholi ishonchini oshirish, inqirozni yengish choralarini qo‘llab-quvvatlash

XMT rahbarlari va texnik xodimlari O‘zbekistonning mintaqada va global miqyosda mehnat bozorini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tadilar.

Shuningdek, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o‘zaro aloqalar orqali turli xil manfaatdor tashkilotlar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash, undan tashqari keng doiradagi manfaatdor tomonlarni mehnat bozorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat.

Muhokama O‘zbekistonda pandemiyaning salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha choralar, O‘zbekiston iqtisodiyotining holati, xususan, mehnat bozori hamda mamlakatda davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar bilan bog‘liq masalalarga qiziqqanlar uchun foydali bo‘ladi. Tadbirda xorijiy davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari vakillari, milliy sheriklar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati, diplomatik korpus, biznes vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadi.

Onlayn-konferensiyada ishtirok etish uchun ushbu havoladan foydalanib ro‘yxatdan o‘ting: https://mailchi.mp/40cd4980cafb/uzbekistan-ministry-of-labor-covid-19-response-webinar