Jahon bankining Yillik Vazirlar davra suhbati-2020da O‘zbekiston mehnat bozoridagi pandemiya oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha o‘z tajribasini namoyish etdi

21.10.2020

Jahon bankining 2020 yilgi yig‘ilishlari doirasida "Ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va COVID-19 inqirozidan halos bo‘lish” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Jahon banki rahbarlari, yuqori martabali xorijiy ekspertlar va siyosatchilar ishtirokida virtual davra suhbati tashkil etildi.

Uchrashuvda COVID-19 pandemiyasi tufayli korxona va ishchilarda yuzaga kelayotgan muammolar hamda bunga mamlakatlarning munosabati, qolaversa, ushbu masalalarning yechimi muhokama qilindi. Muhokama diqqat markazida mehnat bozoridagi muammolarni yengillashtirish va qayta tiklash masalalari bo‘ldi. Boshlang‘ich chora-tadbirlar sifatida mehnat bozorini har tomonlama qayta tiklash, uzoq muddatli yangi normalarga moslashishi kerakligini tan olish, inklyuziv va barqaror tiklanishni ta’minlashga qaratildi.

Tadbir ikkita sessiyadan iborat bo‘lib, barqarorlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikka ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. “Davra suhbati” davomida butun dunyodagi ushbu dolzarb mavzular bo‘yicha tajriba va bilim almashildi.

“Davra suhbati” auditoriyasida Quvayt, Pokiston, Filippin, Gana, Efiopiya, Bangladesh, Ekvador kabi mamlakatlarning moliya, sanoat, iqtisodiyot vazirliklari, markaziy banklar, va boshqa tuzilmalarning mas’ul xodimlari, shuningdek, xususiy sektor va Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Jahon bankining rivojlanish strategiyasi bo‘yicha boshqaruv direktori Mari Pangestu kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Jahon bankining teng o‘sish, moliya va institutlar bo‘yicha vise-prezidenti vazifasini bajaruvchi Ayxan Koze asosiy rivojlanish va ish bilan ta’minlash prognozlari bo‘yicha izoh berdi.

Davra suhbatining ikkinchi sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov pandemiya sharoitida O‘zbekistonda mehnat bozorining rivojlanish tendensiyalari bo‘yicha so‘z yuritdi.

Erkin Muxitdinov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar Xalqaro Mehnat Tashkilotining pandemiyaga qarshi to‘rtta asosiy tamoyillariga to‘liq mos keladi, ya’ni, iqtisodiyot va bandlikni rag‘batlantirish, biznes, ish o‘rinlari va daromadlarni qo‘llab-quvvatlash, joylardagi ishchilarni himoya qilish va ijtimoiy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida inqirozga qarshi 10 trillion so‘m miqdorida "Mehr-muruvvat" jamg‘armasi tashkil etilgan.

Bundan tashqari, hukumat ish bilan ta’minlashning vaqtinchalik tartibini tasdiqladi. Vaqtinchalik bandlikni ta’minlash jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 500 mingdan ortiq ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlandi; ulardan 50 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarga shaxsiy uy-joy uchastkalarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi kooperativlarini yaratish subsidiyalash mexanizmi orqali amalga oshirildi;

4 ming ishsiz aholi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan subsidiyalar hisobiga ish bilan ta’minlandi; 37 ming band bo‘lmagan fuqaro ishsizlik nafaqasini oldi. Shunday qilib, 910,2 ming fuqaro mehnat vazirligi tomonidan to‘qqiz oy davomida ish va doimiy daromad bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga, uzoq muddatli istiqbolda COVID-19 ning mehnat bozoridagi salbiy oqibatlari normativ-huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Xususan, Mehnat kodeksining yangi tahriri pandemiya xavfini kamaytirishga qaratilgan qo‘shimcha qoidalarni o‘z ichiga oladi. Ilgari qonun hujjatlarida tartibga solinmagan mehnat faoliyatining yangi shakllari hisobga olindi, pandemiya paytida ish haqi to‘lanmagan ta’tilning davomiyligi oshirildi, mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi va hokazo.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari Vazirligi Axborot xizmati