📌Sanitariya-epidemiologiya tizimi xodimlarini ishga joylashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi
2019-yil 9-sentyabrda Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmoni imzolandi. Mazkur hujjatga asosan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning institutsional salohiyatini oshirish, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi sohasida ta'sirchan monitoring va nazoratni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan. Shuningdek, tizim negizida yangi tashkilot (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi)ni tashkil etish, ba'zilari (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi)ni tugatish belgilangan.
Shtat birliklarining qisqarishi hisobiga ishdan bo‘shatilishi kutilayotgan xodimlarning bandligini ta'minlash maqsadida esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Ish o‘rinlarini qisqarishi natijasida mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimlarni ishga joylashtirish yuzasidan chora-tadbirlar loyihasi”ni ishlab chiqdi.
Mazkur loyiha doirasida tizimdan bo‘shatilgan xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, shu asosda sohaga oid bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazish, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi tuzilmasidagi tashkilotlarga ishga joylashtirish tadbirlari ko‘rilyapti. Shuningdek, ularni vakant va zaxira ish o‘rinlariga ishga joylashtirish ham rejalashtirilgan.
Ehtiyoj tug‘ilgudek bo‘lsa, ishdan bo‘shagan xodimlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etish masalasi ham tadbir rejasiga kiritilgan.
Bundan tashqari xodimlarga subsidiyalar berish orqali bandligini ta'minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagilar uchun mikrokreditlar ajratish belgilangan.