Ustaxonada hunar o‘rganayotgan qizlar

06.10.2022

Ustaxonada hunar o‘rganayotgan qizlar

Sirdaryo viloyati Arxitektura va qurilish texnikumi qoshidagi "Qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazi"da yigitlar bilan bir qatorda xotin-qizlar ham "Santexnika ishlari ustasi", “Bo‘yoqchi-bezakchi”, “Duradgor”, “Elektrogazpayvandchi”, “Elektromontajchi” va "Kran mashinisti" yo‘nalishlaridagi qurilish sohasiga oid zamonaviy hunarlarni o‘zlashtirishmoqda.

— Santexnika ishlari ustasi hunariga yoshligimdan qiziqqanman. Davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan, xususan uch mahal issiq ovqat, yotoqxona va stipendiyalar o‘z vaqtida berib boriladi. Ustozimiz kasb sirlarini mukammal o‘rgatmoqda. Ishonamanki, kelgusida o‘rgangan kasbim orqali Vatanimiz, oilamiz uchun ham foyda keltiraman, — deydi markaz tinglovchisi Shahnoza Mahmasafoyeva. — Bu sohada faqat erkaklar ishlaydi degan fikrga qo‘shilmayman, odamda qiziqish bo‘lsa bas. Misol uchun markazda tengdosh qizlarimiz ham kasb-hunar o‘rganib kelmoqda. Kelajakda qurilayotgan uy-joylarda o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman.

Sir emaski hunarmandchilik, kasb-hunar o‘rganish tarixi qadim o‘tmishga borib taqaladi. Bugungi kunda yurtimizda har qanday kasb bilan shug‘ullanish, uni o‘rganish uchun barcha sharoitlar mavjud bo‘lib — u zamonaviy yoki qadimiy tarixga ega bo‘lishidan qatʼiy nazar odamlarga naf keltirishi bilan birgalikda, ularning turmush darajasini ham o‘zgartirishga xizmat qilib kelmoqda. Shunday ekan, yigitlar qatorida qizlarning ham ustachilik hunarlarini o‘zlashtirayotganligini alohida eʼtirof etish lozim.