Surxondaryoda “Majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish choralari” mavzuida seminar o‘tkazildi
Yurtimizda majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Bunda korxona va tashkilot xodimlarini haq-huquqlarini himoya qilish, mehnat qonunchiligiga rioya qilishni nazorat qilish maqsad qilingan.
Shu sababdan joylarda mas'ullarga “Majburiy mehnatga qarshi kurashish hududiy komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirish choralari” mavzuida seminarlar o‘tkazilmoqda. Mazkur masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir joriy yilning 3-mart kuni Surxondaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari N.Yakubov, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi bosh davlat mehnat huquq inspektori, Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya mas'ul kotibi G.Niyazmetova hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Surxondaryo viloyat hududiy komissiya a'zolari, tuman, shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari direktorlari va Davlat mehnat huquq inspektorlari ishtirok etdi.
Seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon hamda ushbu farmonga ko‘ra, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tarkibida hududiy komissiyalar ham tashkil qilingani, ularga viloyat (shahar, tuman) hokimlari raislik qilishini ta'kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda shuningdek majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish; ish beruvchilar tomonidan xodimlarni majburiy tarzda obodonlashtirish, qurilish va boshqa sohalardagi mehnatga jalb qilinishining oldini olish choralarini ko‘rish, bu borada doimiy monitoringlar o‘tkazish; majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha aholi o‘rtasida, ayniqsa korxona, muassasa, tashkilotlarda ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish lozimligi aytib o‘tildi.