SIRDARYONING OQOLTIN TUMANIDA O‘TKAZILAYOTGAN "ISHGA JOYLASHTIRISH VA TADBIRKORLIKKA JALB ETISH YARMARKASI"DA BAND BO‘LMAGAN AHOLI ISH BILAN TA’MINLANMOQDA
Oqoltin tumanida parrandachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Doniyor Toshpo‘latov bugungi yarmarkada aholini tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari, parrandachilik ortidan yaxshigina daromad topish mumkinligi haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. U "Sirdaryo Oqoltin Straus" fermer xo‘jaligini tashkil etib, bir necha yillardan beri parrandachilik, quyonchilik bilan shug‘ullanib keladi.
- Xo‘jaligimizda parrandani har turidan bor, hatto tuyaqush ham parvarishlaymiz, - deydi D.Toshpo‘latov.
- Bugungi yarmarkada aholiga mana shu parrandachilikdan yaxshigina daromad topish mumkinligini aytyapman. Ko‘pchiligida qiziqish uyg‘ondi. Mana yaqinda Bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda "Zar Lochin Parranda" ishlab chiqarish kooperativini tashkil etdik. Hozircha bu kooperativ a’zolari soni 100 nafar. Xo‘jalik tomonidan ushbu a’zolarga parrandalar yetkazib berilmoqda.
Xabar berganimizdek, Sirdaryoning Oqoltin tumanida o‘tkazilayotgan "Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish yarmarkasi"da mingdan ortiq mahalliy aholi, band bo‘lmagan fuqarolar qatnashishdi. Ular qiziqishlariga qarab o‘zlarining yo‘nalishlari bo‘yicha ishga ro‘yxatga olindilar. E’tiborli tomoni, ishlab chiqarish, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar ko‘p bo‘ldi.
Navbatdagi "Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi" ertaga, Sardoba tumanining "Do‘stlik" mahallasida bo‘lib o‘tadi.