Sirdaryo viloyatida paxta terimini tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda
Joriy yilning 7-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov ishtirokida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi dala markazida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad paxta terimi mavsumida ishlarni samarali tashkil etish, ixtiyoriy yollangan terimchilar uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, paxta terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalarida fikr almashish va shunga oid amaliy ko‘rsatmalar berishdan iborat bo‘ldi.
Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-avgustdagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan eksperimental namunadagi dala markazi (hasharchilar shaharchasi)dagi shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, seminar kuni Xovos Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi yangi binosining ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Zamonaviy shart-sharoitlarga ega ushbu Markaz orqali endilikda bandlikni ta'minlash bo‘yicha aholiga yanada sifatliroq xizmatlar ko‘rsatiladi.