Majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jarima miqdori 10 karra oshiriladi

26.08.2019

Mehnatga ma'muriy tarzda majburlash uchun belgilangan jarima miqdori 10 barobar oshiriladi. Bu haqidagi tuzatishlar Senat tomonidan ma'qullandi.

Mehnatga biron bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash uchun jarimalar miqdori sezilarli darajada oshirildi. Shanba kungi 21-yalpi majlisda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati tomonidan ma'qullandi.

Hozirda mazkur qonunbuzarlik holati uchun jarima miqdori Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasiga muvofiq EKOIHning 1 barobaridan 3 barobarigacha miqdorni tashkil etadi. Yangi tuzatishlar jarima miqdorini EKOIHning 10 barobaridan 30 barobariga qadar oshirishni nazarda tutgan.

Shuningdek, ushbu modda xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgani uchun EKOIHning 30 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi qism bilan ham to‘ldirilmoqda.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan shunday huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, EKOIHning 30 barobaridan 50 barobarigacha, bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda – EKOIHning 50 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Majburiy mehnatga jalb etish holati uchun jarima miqdorini sezilarli darajada oshirish taklifini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘tgan yilning kuzida olib chiqqan edi.      

Manba: Gazeta.uz