Saxarova nomidagi “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ning O‘zbekistonda filiali ochildi

16.03.2021

Bugun “Ishga marhamat” Monomarkazida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanov, vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov, Rossiya Federatsiyasi Moskva shahri hukumati vaziri K.Purtov, Moskva shahri "Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi" bosh direktori S.Baldin ishtirokida “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ning O‘zbekistondagi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Rossiya Federatsiyasi hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi, biroq mazkur markaz filialining O‘zbekistonda ochilishi esa Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolar uchun qator qulayliklar yaratadi.

Endilikda, “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ning O‘zbekistondagi filiali orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni tanlash, kasbiy malakasini baholash, ish beruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilishini tashkil etish, ushbu davlatga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq taqiqlarni tekshirish, mehnat migrantlariga ishga joylashish, ishlash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni inobatga olgan holda mamlakatda bo‘lish tartiblari bo‘yicha konsultatsiya, shu bilan bir qatorda ularning Rossiyaga kirib borishiga ko‘maklashish va mavjud vakansiyalar haqida ma’lumotlar berish kabi xizmatlar amalga oshiriladi.

Xususan, Rossiyada ishlash istagidagi fuqaro ushbu filialda birlamchi hujjatlarni to‘ldirib, Moskva shahridagi “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ga topshiradi va tezlashtirilgan tartibda patent olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kelgusida ushbu filial faoliyatini kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, Saxarova nomidagi “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi”ning asosiy faoliyati Moskva shahri va viloyatida ishlash istagidagi chet ellik fuqarolar uchun patent rasmiylashtirish xizmatini ko‘rsatadi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining qator vakolatli tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan o‘tgan yilning 20-24 dekabr kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirilgan tashrif doirasida markaz rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazilgan. Uning filialini O‘zbekistonda ochish bo‘yicha kelishuvga erishilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Moskva shahridagi Saxarova nomidagi “Ko‘ptarmoqli migratsiya markazi” bilan bitim imzolangan edi.