Samarqanddagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining 295 nafar bitiruvchilariga diplom topshirildi

07.12.2020

Markaz Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida 2016 yilda tashkil etilgan. Muassasada shu paytgacha 1600 nafardan ortiq yoshlar axborot texnologiyalari, avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik ishlari, kompyuter grafikasi va multimedia tizimlari yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rgandi. Ular ayni paytda xorijda va yurtimizning turli hududlaridagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilmoqda. Endilikda ularning qatoriga yana 295 nafar yoshlar qo‘shildi.

– Olti kasb bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan yigit-qizlarning 26 nafari xotin-qizlar, 3 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar, 39 nafari kam ta’minlangan oilalar farzandlaridir, – deydi markaz direktori I.Ergashev. – Ularga pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan, belgilangan dasturlar asosida onlayn mashg‘ulotlar o‘tildi. Amaliy mashg‘ulotlar esa markazimizning hamkor tashkilotlarida amalga oshirildi. Har bir dars jarayoni, tinglovchilarning nazariy va amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki doimiy e’tiborimizda bo‘ldi. Natijada bitiruvchilarning 7 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshladi, 2 nafari markazdagi Startap-inkubator markaziga rezident sifatida qabul qilindi. Boshqa yigit-qizlarimiz ham egallagan mutaxassisligi bo‘yicha ish o‘rnini topdi. Bitiruv marosimida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi KOICAning O‘zbekistondagi ofisi direktori Pak Sunjin xonim, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i F.Mamarasulov, Koreyaning Keimyung College Universitety professorlari, hamkor korxona va tashkilotlar vakillari onlayn va bevosita ishtirok etib, bitiruvchilarni tabrikladi.

Markaz bugungi kunda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreyaning Keimyung College Universitety bilan 1,1 million AQSH dollari miqdoridagi davlat-xususiy sherikligi loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha doirasida COVID-19 ga qarshi kurashish, ya’ni himoya vositalari sotib olish va dizenfeksiya maqsadlari uchun 2,5 ming, Keimyung College Universitety tomonidan Samarqand shahar “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 2 ming AQSH dollari, Samarqand shahridagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 4 million koreys voni miqdorida yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, KOICA tomonidan markazga “Onlayn o‘qitish platformasini ishlab chiqish” uchun 50 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratildi. Hozirda platforma ustida ishlar yakuniga yetmoqda. Mazkur grant doirasida Samarqand va Shahrisabz Kasb-hunarga o‘qitish markazi markazlari o‘quvchilari o‘rtasida “Zehn bilan COVID-19 ni yengamiz” mavzusida videorolik va posterlar musobaqasi tashkil etilgan edi. Marosimda ushbu musobaqa g‘oliblari ham 1 million so‘mdan 2 million so‘mgacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.