Samarqand viloyatida “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi” foydalanishga topshirildi

02.04.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Samarqand viloyatida ham “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi” bunyod etildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni markazning ochilishi bilan tabriklab, ushbu markaz yurtimizga qurilish sohasida zamonaviy bilimga ega, tajribali kadrlarni tayyorlab berishiga qat’iy ishonch bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, sobiq “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi binosida tashkil etilgan markaz 450 o‘ringa mo‘ljallangan  bo‘lib, u yerda yoshlar g‘isht teruvchi, elektrogazpayvandchi, suvoqchi, po‘lat va temir beton konstruksiyalar montajchisi, bo‘yoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi kabi ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 14 ta kasbga o‘qitiladi.

E’tiborli tomoni shundaki, markazda tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ishsiz deb e’tirof etilib, yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilingan har bir fuqaroga har oyda stipendiya ham to‘lab beriladi.