ROSSIYADA ISHLASH UCHUN HUJJAT TAYYORLASH OSONLASHTIRILMOQDA

17.10.2020

Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 17 avgustda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, shuningdek, 11 sentyabrda qabul qilingan “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida Rossiya Federasiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat migrasiyasiga oid muhim masalalar, xususan, “Pasport-viza xizmati” vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish va boshqa vazifalari belgilangan.

Ushbu masalalar ijrosini ta’minlash maqsadida taklif etilgan Rossiya Federasiyasi Ichki ishlar vazirligi «Pasport va viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi rahbari S.Mashin boshchiligidagi delegasiya a’zolarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida uchrashuv tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshlig‘i M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari va Ichki ishlar vazirliklari vakillari hamda Rossiya Federasiyasi “Pasport-viza xizmati” rahbari S.Mashin, RUDNning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari A.Kolesnikov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ayni paytda Rossiyada ishlayotgan va ushbu mamlakatda ishlash istagidagi fuqarolar uchun qulayliklar yaratish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda ta’kidlandiki, Rossiya Federasiyasi hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 20 kundan 30 kungacha vaqt talab etiladi. Bu vaqt oralig‘ida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi. Endilikda, Rossiya «Pasport va viza xizmati»ning O‘zbekistonda ochilishi rejalashtirilayotgan vakolatxonasi hamda RUDNning mamlakatimizdagi vakolatxonasi orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi, xususan, rus tili, Rossiya qonunchiligi va tarixini o‘rgatish va tegishli sertifikat berish ishlari O‘zbekistonda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ketishdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tish va Rossiya Federasiyasi hududiga kirish uchun taqiq bor-yo‘qligini tekshirish imkoniyatini yaqin vaqtda yaratish ham rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari uchun O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ham ma’lumot berildi.