Rossiya va O‘zbekiston kasbiy ta'limni rivojlantirish sohasida WorldSkills tizimidan foydalangan holda kuchlarni birlashtirdi
“Yosh professionallar (Vorldskills Rossiya)” Ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum tuzildi. Hujjatni imzolash “Kazan Ekspo” XKMdagi WorldSkills Kazan 2019 da bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik doirasida ikkala davlatda ham – Rossiya va O‘zbekistonda kasbiy ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli dastur rejalashtirilmoqda.
Rossiyaning O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik rejasini mustahkamlovchi hujjatni “Yosh professionallar (Vorldskills Rossiya)” Ittifoqi bosh direktori Robert Urazov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov imzoladi.
Hamkorlik dasturi o‘zaro tajriba almashish, umum tadbirlarni tashkillashtirish va xalqaro loyihalarda birgalikda ishtirok etish singari jihatlarni qamrab oladi. Mazkur dasturni amalga oshirishning muhim tomonlaridan biri namoyish imtihoni formatida WorldSkills standartlari bo‘yicha o‘tkaziladigan chempionat yakunlari va malakani mustaqil baholash natijalarini o‘zaro qabul qilish bo‘ladi.
“O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan oldimizda kasb va ta'lim standartlarini, shuningdek, WorldSkills standartlariga muvofiq o‘quv dasturlarini uyg‘unlashtirishdek keng ko‘lamli ishlar turibdi, – deya ta'kidladi Robert Urazov. – Bizlar WorldSkills harakatini rivojlantirishga qaratilgan umum tadbirlarlarni, shu jumladan, sohaning iqtisodiy hamkorligini kengaytirishga yordam beruvchi kasbiy ta'limni rivojlantirishga oid xalqaro loyihalarda birgalikda ishtirok etishni rejalashtiryapmiz”.
Erkin Muxitdinov rossiyalik hamkasblar tajribasining ahamiyatini qayd etdi: “Ushbu tajribani kadrlar tayyorlash, milliy terma jamoani shug‘ullantirish, ishlab chiqarish ta'limidagi trenerlarni, murabbiylarni, ekspert va ustalarni o‘qitish uchun qo‘llashni mo‘ljallamoqdamiz. O‘zbekistonni ayniqsa WorldSkills standartlari bo‘yicha chempionatlar o‘tkazish va tashkillashtirish, shuningdek, o‘quv jarayonlarini tashkillashtirish va bilimni baholash markazlarini jihozlashdagi VSR tajribasi qiziqtiradi”.
Manba: WorldSkills.ru