Sardoba tumanida amalga oshirilayotgan ishlar
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida sodir bo‘lgan ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun respublikamizdan barcha kuchlar safarbar etilgan. Kuni kecha turli viloyatlardan kelgan quruvchilar brigadasi eng ko‘p zarar ko‘rgan Sardoba tumanida qurilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirmoqda.
Aholi uy-joylari va boshqa ob'ektlarning qurilish jarayonini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov ko‘zdan kechirmoqda.
Shu kunga qadar mazkur hududga band bo‘lmagan 2485 kishi jalb etildi. Sardoba tumanidagi talafot ko‘rgan mahallalarda qayta tiklanadigan uy-joylarning qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 11 ta mahallaning har biridan 20 nafardan ishsiz fuqaro 11 ta brigadada, jami 220 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.
Bu yerda 90 ta yangi xonadon qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ishlar jadallik bilan davom etmoqda.
Sardoba tumanining "Do‘stlik" mahallasida Buxoro viloyatidan 197 nafar ishchi qurilish va ta'mirlash ishlarida ishtirok etmoqda.
E.Muhitdinov jarayonlarni o‘rganar ekan, olib borilayotgan ishlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi.
Ta'kidlash joiz, xizmat qilayotgan barcha fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratilgan, kerakli xomashyo va foydalanish uchun zarur bo‘lgan jihozlar keltirilgan.