“Profelite IMP xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasi to‘xtatildi

25.10.2019

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Profelite IMP xususiy bandlik agentligi” MCHJga 2019-yil 12-aprelda berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0053-sonli litsenziya to‘xtatilganini ma'lum qiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga xususiy bandlik agentligi fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarmagani to‘g‘risida ko‘plab norozilik mazmunidagi murojaatlar kelib tushgan. “Profelite IMP xususiy bandlik agentligi” MCHJ fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish yuzasidan ular bilan shartnoma imzolagan.

Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, “Profelite IMP xususiy bandlik agentligi” MCHJ litsenziyasini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Koreya Respublikasidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish ikki davlat Mehnat vazirligi tomonidan imzolangan Anglashuv memorandumi asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, E9 viza bilan fuqarolarni Koreya Respublikasiga ishga joylashtirish vakolati faqat Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan. Koreya Respublikasida ishga joylashtirish xususiy bandlik agentliklari vakolatiga kirmaydi.

Mazkur xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, IIBBga murojaat qilish so‘raladi.