Prezident huzurida farmasevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada yanvarda besh yillik dastur ham qabul qilindi.
Lekin sohada ishlarning bugungi holati bilan bu marralarga erishib bo‘lmaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmasevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi.
Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar o‘zimizda ishlab chiqarilgani bilan, har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘onada iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Hududlarni dori vositalari bilan ta’minlanganini tahlil qildim – bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun o‘zimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rishimiz shart”, dedi Prezident.