«Pasport-viza xizmati» vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov, Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi bosh direktori S.Mashin ishtirok etgan uchrashuvda Rossiya Federasiyasida ishlash uchun patent rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ma’lum qilindiki, «Pasport-viza xizmati» vakolatxonasining O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish masalasi, ya’ni o‘zgartirishlar kiritilgan tashkilotning ustavi hozirda Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bilan birgalikda O‘zbekistonda patentni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha maksimal xizmatlarni taqdim etilishi, moliyaviy xarajatlarni kamaytirish bilan birga «vijdonsiz vositachilar qo‘liga tushib qolish» nuqtai nazaridan ularning xavfsizligini ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
S.Mashinning so‘zlariga ko‘ra, migrasiya ro‘yxatidan o‘tkazish va tibbiy ko‘rikdan tashqari patentni rasmiylashtirish bo‘yicha deyarli barcha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil qilish mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada patent olish bir haftadan ko‘p davom etmaydi, kelgusida bu muddatni 2-3 kunga qisqartirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy migrasiya mexanizmlarini joriy etish orqali tashqi mehnat migrasiyasi jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar hamda ushbu sohada olib borilayotgan ishlarning uchta asosiy yo‘nalishlari – jo‘nash oldidan tayyorgarlik, mehnat migrantlarini xorijda qo‘llab-quvvatlash, chet eldan qaytib kelgan mehnat migrantlarini birlashtirish haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistondagi xizmatlarni tashkil etish masalalarini batafsil muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonda tibbiy xizmatni tashkil etish masalasida Rossiya Federasiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan muzokaralar olib borilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish uchun Rossiyaning xususiy laboratoriyalarini jalb qilish imkoniyati o‘rganilib, bugungi kunda, “Xeliks” laboratoriyasi ushbu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan. Shu bilan birga, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu laboratoriya faoliyatini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyati to‘g‘risida tegishli xulosa berishi kerak.
S.Mashin mehnat migrantlarini sug‘urtalash borasida Rossiyaning bir qator sug‘urta kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilganini va hozirga qadar «Rosgosstrax» va «Ingosstrax» tashkilotlari hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Xususan, sug‘urta polisi O‘zbekistonda rasmiylashtiriladi va mehnat migranti Rossiyaga kirib kelganidan keyin o‘z faoliyatini boshlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga jo‘nab ketishdan oldin taqiq bor-yo‘qligini tekshirish taklif qilindi. Pasportning notarial tasdiqlangan tarjimasi esa Rossiya qonunchiligiga binoan ushbu xizmat pasportning asl nusxasi va egasining o‘zi bo‘lganda taqdim etilishi mumkin. O‘zbekistonda tarjima qilish va uni sertifikatlash uchun (muhr, elektron imzo) Rossiya notariusiga yuborish kerakligi taklif qilindi. O‘zbekiston fuqarosi Rossiyaga kelganidan so‘ng, pasportning asl nusxasini taqdim etgan holda tarjimasi bilan birga notarial tasdiqlangan nusxasini olishi mumkin.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining «Pasport-viza xizmati» federal davlat unitar korxonasi xodimlarini aniqlash, ularga Tashqi mehnat migrasiyasi agentligidan joy ajratish masalalari hal qilindi. Rossiyada ishlash uchun patent rasmiylashtirish bo‘yicha xizmatlarni O‘zbekistonda tashkil etish uchun birinchi navbatdagi vazifalar «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga qaror qilindi.