Paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar

14.10.2019

Ayni paytda yurtimizda paxta terimi avjida. Joriy yilda mazkur jarayonni tartibli tashkil etish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, terim uchun belgilangan miqdordagi mablag‘larni o‘z vaqtida to‘liq berilishini nazorat qilish yuzasidan qator ishlar olib borilyapti. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida majburiy mehnatga barham berish, majburiy mehnat uchun javobgarlikning qat'iyligi bo‘yicha fuqarolar va mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirish maqsadida joylarda 200 dan ortiq seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi.

Huquqlari buzilgan, majburiy tarzda mehnatga jalb qilingan fuqarolarning mutasaddilarga murojaat etishi uchun platformalar yo‘lga qo‘yildi. “Sizni paxta terimi yoki boshqa ishga majburlashyaptimi?” degan yozuv hamda “Ishonch telefon” raqami va mehnat huquq telegramm messenjeri mavjud bo‘lgan jami 400 dona bannerlar respublikaning barcha tuman, shaharlardagi aholi gavjum joylarga joylashtirildi va fuqarolarga 100000 dona flaerlar tarqatildi.

Bundan tashqari, majburiy mehnatga qarshi kurashish, hududlarda paxta yig‘im-terimida mehnat shartnomalari va kelishuv hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik holatlarini o‘rganish maqsadida vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi va hududiy Bandlik bosh boshqarmalari Davlat mehnat inspektorlari tarkibidagi ishchi-guruhlar tashkil qilindi.

Shuningdek, vazirlik Xalqaro mehnat tashkiloti, jamoatchilik tashkilotlari va huquq himoyachilari bilan hamkorlikni yo‘lga quygan. “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi doirasida ekspertlar tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha zudlik bilan aybdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish va majburiy mehnatga jalb qilingan fuqarolarning huquqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.

Biroq amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi tadbirlarga qaramay, qonun buzilish holatlari uchrayapti. Xorazm viloyati Bog‘ot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i hamda xuddi shu hududning Moliya bo‘limi rahbari ishchi xodimlarni majburan paxta yig‘im-terim ishlariga jalb etganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan (eng kam ish haqining 30 barobarida) ma'muriy jarimaga tortildi.

Namanganda Vatanparvar tashkiloti viloyat kengashi tasarrufidagi To‘raqo‘rg‘on o‘quv sport texnika klubi rahbari hamda O‘zbekiston “Yoshlar Ittifoqi” Farg‘ona viloyati Toshloq tumani kengashi raisi ham xodimlarni ularning roziligisiz majburan paxta yig‘im-terim ishlariga jalb etgan. Ayni sababdan ular ham eng kam ish haqining 30 barobarida ma'muriy jarimaga tortildi.

Oqqo‘rg‘ondagi fermer xo‘jaliklarining biridan terimchilar uchun yaratilgan sharoitlarning qoniqarli emasligi yuzasidan murojaat kelib tushdi. Davlat mehnat inspeksiyasi zudlik bilan mazkur holatni o‘rganib chiqib, quyidagicha xulosa qildi: murojaat asossiz! Aniqlanishicha, “Qo‘chqor Chavandoz” fermer xo‘jaligida paxta yig‘im-terimida ishtirok etayotgan terimchilarga terim pullari o‘z vaqtida berilyapti. Bundan tashqari, terimchilarning ovqatlanishi va dam olishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, terim dalalariga ichimlik suvi va choy berilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq Toshkent viloyatining mazkur tumanidagi hamma xo‘jaliklarda ham vaziyat qoniqarli emas. Davlat mehnat inspeksiyasi kelib tushgan murojaatni o‘rganib, terimchi Xudoyberdievaga terim pullari vaqtida to‘lanmagani hamda ularga yetarli darajada shart-sharoit yaratilmaganini aniqladi. Natijada mutasaddilar MJtKning 49-moddasi bilan jarimaga tortildi.

Navbatdagi o‘rganishlar Navoiy viloyatida o‘tkazildi. Bizga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, terilgan paxtaning bir kilogrammi uchun belgilangan mablag‘ hamda ishchilarga amalda to‘lanayotgan pul miqdori o‘rtasida farq bor. Ustiga-ustak ish beruvchilar terimchilar bilan muloqotda muomala madaniyatiga amal qilmayapti. O‘rganishlar murojaatlarning asosli ekanini ko‘rsatdi hamda Karmana tumani "Elyor Diyor Karmana" F/X rahbari Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-modda 1-qismi bilan jarimaga tortildi.

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida joylashgan «Qahramon-Rasulota» fermer xo‘jaligi rahbari terimchilarga yetarli shart-sharoitlarni yaratib bera olmagani sabab, Nukus pedagogika instituti rektori esa qo‘lostidagi ishchilarni majburiy mehnatga jalb etgani tufayli jarimaga tortildi.

Toshkent viloyati Bekobod tumani “Agrokimyohimoya” AJ ishchilarining 100 nafarga yaqini majburiy tarzda paxta dalalariga haydalgan. Davlat mehnat inspeksiyasining o‘rganishlari davomida mazkur xabar o‘z tasdig‘ini topdi hamda Bekobod “Agrokimyoximoya” AJ direktoriga MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun Bekobod tumani ma'muriy sudiga taqdim qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi barcha fuqarolarimizni majburiy mehnatga qarshi kurashga chaqiradi.

Hurmatli yurtdoshlar, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling!