O‘zbekistonda bandlikka ko‘maklashish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov ushbu masala yuzasidan COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab mehnat bozorini tubdan o‘zgartirgani, barcha davlatlarning hukumatlari tezkor, ammo muvozanatli qarorlarni zamonaviy sharoitlarda bandlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini moslashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari zarurligini anglab yetgani, mazkur Bandlikka ko‘maklashish milliy strategiyasi bu sharoitda muhim bo‘lib, uzoq muddatli, kelgusi 5-10 yil uchun strategik maqsad bo‘lishi, shuningdek ular puxta o‘ylangan va nazariy jihatdan asoslangan bo‘lishi lozimligini ta'kidlab o‘tdi.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha bosh mutaxassisi M. Pushkinning so‘zlariga ko‘ra, Bandlikka ko‘maklashish milliy strategiyasini ishlab chiqish O‘zbekiston bilan Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikning o‘ziga xos belgisidir. Bu mamlakatda qilingan barcha sa'y-harakatlarni birlashtirish va ularni uzoq muddatli xarakterga ega jiddiy siyosiy hujjatga aylantirish demakdir.
Tadbir davomida Xalqaro Mehnat Tashkiloti maslahatchilari D. Kempbell va P. Ronnas o‘tgan yillar tajribasini inobatga olgan holda iqtisodiy rivojlanish va bandlikka ko‘maklashish mavzusi yuzasidan asosiy tavsiyalarini taqdim etdilar. Unga ko‘ra,
- samarali ish o‘rinlarini tashkil etishni yanada jadal sur'atda olib borish, mehnatga layoqatlilikni oshirish zarurati muhim masaladir.
- Kasbiy mahorat va milliy malaka tizimini yanada rivojlantirish zarur.
- Iqtisodiyotni rasmiylashtirish, iqtisodiyot va mehnat bozori integratsiyasiga xizmat qiladi;
- samarali mehnat harakatchanligi, bir tomondan, samarali ish o‘rinlarini yaratish va ikkinchi tomondan, ishlab chiqarish ish o‘rinlariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasidagi nomutanosiblikni kamaytirishga yordam beradi;
- puxta o‘ylangan mehnat bozori institutlari ishchilarni ijtimoiy himoya va xavfsizlikni, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini ta'minlashi mumkin.
Tomonlar tadbir davomida hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha kelgusi vazifalarni amalga oshirishda kelishuvga erishdi. Shuningdek, ilgari qabul qilingan chora-tadbirlar va ishlab chiqilgan tavsiyalarni tizimli tahlil qilish, barcha manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda ichki idoralararo maslahatlashuvlarning o‘tkazilishi va Xalqaro Mehnat Tashkiloti milliy va xalqaro ekspertlari jamoasini jalb qilgan holda hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhining institutsional salohiyatini mustahkamlash muhimligi ta'kidlandi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, mazkur strategiya aholi bandligini ta'minlash sohasidagi rivojlanishning muhim yo‘nalishlarini belgilaydi.