O‘ZBEKISTON VА BАА BАNDLIK SOHАSIDА HАMKORLIK АLOQАLАRINI MUSTАHKАMLАMOQDА
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Birlashgan Аrab Аmirliklarining «Saned», «AS Unique Human Resourses», «Elite Employment Services» kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E. Muhitdinov, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig‘i M. Mamatxonov, «Saned» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Omar Eyza Muhammad Zamzam al-Аli, «AS Unique Human Resourses» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Аbdul Samad va boshqalar ishtirok etgan uchrashuvda O‘zbekiston hududida kasb-hunar o‘quv kurslari tashkil etish, fuqarolarni BААga ishga jalb qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy etish, fuqarolarni kasb-hunar va chet tiliga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va «Ishga marhamat» monomarkazi faoliyati haqida batafsil ma‘lumot berildi.
«Saned» kompaniyasi BААda yil oxiriga qadar 1500 ta xorijiy fuqarolarni ishga yollashni rejalashtirmoqda. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad BААda O‘zbekiston fuqarolari orasidan «xavfsizlik qo‘riqchilari» vakansiyasi uchun quyidagi shartlar asosida tanlash va ishga yollash ekanligi ma‘lum qilindi:
- fuqarolar davlat muassasalarini qo‘riqlash ishlariga jalb etiladi;
- oylik ish haqi 1600 dirhamni (taxminan 435 АQSh dollari) tashkil etadi;
- ish beruvchi yashash joyi, tibbiy va baxtsiz hodisalardan sug‘urtalashni amalga oshiradi, aviachipta, hujjatlarni rasmiylashtirish, xavfsizlik va mehnat faoliyati uchun lisenziyalar bilan ta‘minlaydi.
Talabgorlardan talab qilinadigan shartlar:
- 21 yoshdan 38 yoshgacha bo‘lgan erkaklar;
- asosan ingliz tilini bilish (smena davomida biror bir holat yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilida yozma ravishda xabardor qilish imkoniyatiga ega bo‘lish);
- kasbiy (tasdiqlangan) mahorat yoki ish tajribasining mavjudligi.
Muzokaralar yakunida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan tanlovlar tashkil etish, nomzodlarni tanlash va barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston hududida BАА kompaniyalari professional o‘quv markazlarini tashkil qilish, jumladan, ushbu markazni Namanganda ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Bundan tashqari mehmonlar 12 noyabr kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Ishga marhamat» monomarkazida o‘tkazilgan «Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi»da ham ishtirok etib, 58 ta fuqaro bilan suhbat o‘tkazib, shundan 25 nafarini ishga qabul kilish bo‘yicha kelishib olindi.