O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi vakolatli organlari o‘rtasida videokonfrens aloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Unda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o'rinbosari E.Muxitdinov rahbarligidagi ishchi jamoa va Qozog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi rahbar va xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida 2019 yil 15 apreldagi “Qozog‘iston Respublikasida mehnat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolari hisoblangan muhojirlar hamda O‘zbekiston Respublikasida mehnat qiluvchi Qozog‘iston fuqarolari hisoblangan muhojirlar mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Bitim ratifikatsiya qilinganligi e’tirof etildi. Mazkur Bitim ijrosini ta’minlash maqsadida ikki davlat mutassaddi vazirlik va idoralari vakillaridan iborat bo‘lgan qo‘shma ishchi guruh shakllantirish hamda 2021-2022 yillarda mehnat migratsiyasi sohasida O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha Harakatlar rejasi ("yo'l xaritasi") loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, tomonlar mehnat migratsiyasi va mehnat muhofazasiga oid ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik loyihalarini yanada mustahkamlash, qonuniy, xavfsiz va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi mexanizmlarini joriy qilish va takomillashtirish masalalarini muhokama etdilar.