O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANDLIK VA MEHNAT MUNOSABATLARI VAZIRLIGINING BAYONOTI
Ommaviy axborot vositalarida Qashqadaryo viloyatida “O‘zbekneftegaz” AJ va “Uzbekistan GTL” tomonidan amalga oshirilayotgan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi uchun xorijdan (Bangladesh) 900 nafar xorijiy mutaxassislar jalb qilinayotganligi to‘g‘risida axborot tarqalgan (Manba: Uzbekistan, Tashkent – AN Podrobno.uz. 09.11.2020 y).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 15 oktyabrdagi “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1206-son qarorining 18-bandida “O‘zbekneftegaz” AJ va “Uzbekistan GTL” masʼuliyati cheklangan jamiyati buyurtmalari asosida xorijiy mutaxassislarni o‘rnatilgan tartibda jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 martdagi 244-sonli “O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq xorijiy fuqarolar O‘zbekiston hududida ishlash uchun tasdiqnomalar olishi belgilangan.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, ichki mehnat bozorini himoya qilish hamda fuqarolarining mehnat qilish huquqini taʼminlash maqsadida, ish beruvchi chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiya agentligiga murojaat qilish lozim.
Lekin shu kungacha “O‘zbekneftegaz” AJ, “Uzbekistan GTL” yoki loyiha bosh pudratchisi, “ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi mazkur tasdiqnomani olish uchun murojaat qilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘zbekneftegaz” AJ va “ENTER Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligidan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi uchun jalb qilinayotgan xorijiy ish kuchi to‘g‘risida tegishli maʼlumotlar so‘ralgan va o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish doirasida talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlariga mahalliy ishsiz aholini jalb etish, ularning malaka darajasi yetarli bo‘lmaganda bepul kasbiy o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildiradi.
Mazkur masalani o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
Matbuot xizmati, 71 239 4121 (276)