OTB inson kapitalini rivojlantirishga mablag‘ yo‘naltiradi
OTB inson kapitalini rivojlantirishga mablag‘ yo‘naltiradi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning Inson resurslarini rivojlantirish sektori rahbari Ayako Inagaki boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, kelgusida yangi tashabbuslarni amalga oshirish borasida muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, “Zamonaviy iqtisodiyot uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida tuzilgan 93 mln. AQSH dollari miqdoridagi bitim ijrosini amalga oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Aytish joizki, ushbu loyiha O‘zbekiston sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Mazkur loyiha qurilish, to‘qimachilik va tikuvlik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, agrobiznes va oziq-ovqat sanoati, texnika va uskunalarga xizmat ko‘rsatish kabi tarmoqlarda malakali ishchi kuchi sifatida inson resurslarini rivojlantiradi.