Osiyo taraqqiyot bankining “Yangi normal hayot uchun ta’limni qayta mulohaza qilish va ko’nikmalarni rivojlantirish” IX Xalqaro ko’nikmalar forumi bo’lib o’tdi
23-27-avgust kunlari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan IX Xalqaro ko’nikmalar forumi bo’lib o’tdi. Mazkur forum OTBning ta’lim sohasidagi muhim ahamiyatga ega tadbirlardan hisoblanib, har ikki yilda o’tkaziladi.
Tadbirda hukumat vakillari, siyosatchilar, amaliyotchilar, universitet va ta’lim muassasalari vakillari, ta’lim bo’yicha mutaxassislar va xodimlar, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasidagi manfaatdor tomonlar hamda OTBga a’zo mamlakatlar va boshqa mintaqaviy hamkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’lim berish jarayonini takomillashtirish, o’quvchilarni ishga joylashdagi eng samarali imkoniyatlar va XXI asr ko’nikmalari asosida tayyorlash hamda COVID-19 pandemiyasi saboqlariga asosan ta’lim islohotlarini yangi me’yorlarda qayta ko’rib chiqishda oqilona hamkorlik aloqalarini o’rnatish yoritildi.
Forumda texnik va kasb-hunar ta’limi, kasbiy tayyorgarlik hamda oliy ta’lim sohasidagi ta’lim va ishga joylashish imkoniyatlarini ta’minlashdagi transformatsion amaliyotlar namoyish etildi.
Shuningdek, ilg’or innovatsion tajribalarni taqdim qilish uchun hukumat, xususiy sektor vakillari va ishtirok etayotgan boshqa ta’lim va kasbiy tayyorgarlik taraqqiyot hamkorlarini jamladi.
Tadbirning so’nggi kunida ta’lim sohasidagi asosiy ustuvorlik va zamonaviy strategiyalar muhokamasiga bag’ishlangan mintaqaviy yig’ilish bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda kasbiy ta’lim va tayyorgarlik sohasidagi O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Qirg’iziston, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Pokiston va Afg’oniston kabi mamlakatlar hukumat vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda O’zbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri maslahatchisi, vazirlik tasarrufidagi “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” direktori – Yekaterina Gorbunova vakil sifatida ishtirok etdi.
Yekaterina Gorbunova o’z nutqi davomida so’nggi yillarda kasb-hunar ta’limi sohasida erishilgan natijalar, OTB strategiyasida 2030-yilgacha ko’rsatilgan ushbu tadbir doirasidagi yechimlar O'zbekistonda kasbiy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ko’p tomonlama mos kelishini ta’kidladi.
Uchrashuv doirasida ishtirokchi mamlakat vakillari o’rtasida ta’lim va malaka oshirish sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Natijada kasb-hunar ta’limi sohasini yanada rivojlantirishning asosiy ko’rsatkichlari aniqlandi va ishtirokchi davlatlar o’rtasida ta’lim tadbirlarini hamkorlikda o’tkazish rejalari to’g’risida kelishib olindi.