Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o'tkazildi

18.08.2021

Bugun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda vazir Nozim Xusanov, milliy komissiya a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021 yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar hamda ushbu yo‘nalishlarda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta Qonun, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi (Jeneva, 2006 yil 15 iyun) ratifikasiya qilindi. O‘zbekistonda ilk marotaba odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada qayta yo‘naltirish tizimi joriy qilindi.

Yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya tomonidan 2021 yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar to‘g‘risida axborot berdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda AQSH Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni munosib baholamoqda.

O‘z navbatida, yig‘ilishda joylarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hududiy komissiyalar hisobotlari eshitildi.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.