Noqulay mehnat sharoitlari va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari tushunchalari

07.01.2024

Noqulay mehnat sharoitlari va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari tushunchalari

Zararli (o‘ta zararli) va (yoki) xavfli (o‘ta xavfli) ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari noqulay mehnat sharoitlaridir. Xodimning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari ishlab chiqarish omillaridir.

Xodimga ta’siri uning jarohatlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari xavfli mehnat sharoitlaridir. Miqdoriy tavsifiga va ta’sir ko‘rsatishning davomiyligiga qarab ayrim zararli ishlab chiqarish omillari xavfli bo‘lishi mumkin.
Kasb kasalliklarining og‘ir shakllarini (umumiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi) yoxud surunkali kasalliklar sonining ancha o‘sishini va mehnat qobiliyatining vaqtincha yo‘qotilishi kuzatiladigan kasallanishning yuqori darajalarini keltirib chiqaradigan zararli ishlab chiqarish omillari darajalari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari o‘ta zararli mehnat sharoitlaridir.

Smena davomida o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omillari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridir. Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari deganda xodim tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishga va uning cho‘l joylarda, baland tog‘li, borish qiyin bo‘lgan joylarda, shuningdek noqulay ekologik vaziyatga ega bo‘lgan joylarda istiqomat qilishiga noqulay ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy-iqlim, geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va tibbiy-biologik omillar yig‘indisi tushuniladi. Mehnat qilish uchun noqulay tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan joylar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.