Navoiy viloyatida pandemiya tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha karantin tadbirlari davomida aholini bandligini ta'minlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda

10.04.2020

Navoiy viloyati Nurota tumanida koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha karantin tadbirlari davomida ishsiz aholi, chet elga ishga keta olmagan va xorijdan qaytib kelgan fuqarolar, shuningdek, vaqtinchalik ishsiz qolgan ishchilar bandligini ta'minlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilyapti.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov mazkur faoliyatning borishini o‘rganish maqsadida tumanning “Chashma” me'moriy majmuasiga bordi. Bu yerda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar bilan uchrashib, ularning ishi bilan tanishib, suhbat o‘tkazdi.

photo_2020-04-10_00-18-40

O‘rganishlarning navbatdagi manzili "Jarma" MFY bo‘ldi. Bu yerda ishsiz va kam ta'minlangan aholi uchun ishlab chiqarish kooperativlari qurilgan bo‘lib, shu orqali 40 nafar fuqaro bandligi ta'minlangan.

photo_2020-04-10_00-18-41

Shuningdek, jamoatchilik nazorati markazlariga navbatchilik o‘tash, shu jumladan, karantinga olingan fuqarolarni nazorat qilish maqsadida tumandagi 16 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb etildi.

Tumanda o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar, 1 va 2 guruh nogironlari, surunkali kasalliklarga ega bo‘lgan 34 nafar fuqarolar aniqlanib, ularga tuman tibbiyot birlashmasidan qisqartirishga tushgan va ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatda turgan hamshiralar biriktirilib, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

Tumanda Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda karantin sababli tashkil etilgan 4 ta blok-postlarga yordamchi posbon sifatida 16 nafar ishsiz fuqarolar jalb etildi.

Tuman obodonlashtirish bo‘limi bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish maqsadida buyurtmalar qabul qilinib, 153 mln. so‘mlik shartnomalar imzolandi. Bunda, tumandagi har bir sektorga 50 nafardan jami 200 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.

    Karantin choralari davrida virusga qarshi dezinfeksiya tadbirlari uchun tuman sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi bilan 114 mln.so‘mlik shartnomalar imzolandi, hamda 128 nafar fuqaro sanitariya epidemiologik osoyishtalik markaziga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘llanma orqali yuborildi.

Tumandagi 4 ta sektor hududida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining ko‘chma savdosini tashkil etish uchun 4 nafar ko‘ngilli tadbirkorlar bilan shartnoma imzolanib, 16 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etildi.

Tumanda 600 ga yaqin fuqaro bandligi ta'minlandi.