Mehnat vaziri tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda aholini ish bilan ta'minlash masalalari muhokama etildi
Prezidentning 2019-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joylardagi bo‘sh lalmi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlash, ular uchun daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 28-oktabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda mazkur ishlarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
Videoselektorni Mehnat vaziri Nozim Xusanov olib bordi.
Kam ta'minlangan aholi daromadlarini oshirish loyihasining I bosqichi doirasida Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida jami 38 ta kooperativ tashkil qilish orqali 2 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Farg‘ona vodiysining o‘zida ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan va foydalanilmayotgan zaxira yerlari mavjud 22 ta qishloq tumanlarida jami 31 ta kooperativ tuzish mo‘ljallangan.
Videoselektorda Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlaridagi tuman mas'ullari bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.