Mehnat sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati

18.04.2019

2019-yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida akademik Qalandar Abdurahmonov bilan mehnat sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov hamda vazirlikning boshqa rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Qalandar Abdurahmonov uzoq yillardan buyon mehnat sohasining turli aspektlarini nazariy va amaliy jihatdan tadqiq etib kelayotgan yetakchi olimlardan. Ko‘p yillik samarali mehnatlari natijasida iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Xalqaro Birlashgan Fanlar akademiyasining a'zosi, RTFA (Rossiya) va Nyu-York (AQSh) akademiyalari akademigi, Indoneziyaning Gunadarma universiteti faxriy doktori ilmiy unvonlariga, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi, Rossiya Federatsiyasining “Pushkin medali” va “Do‘stlik Ordeni” davlat mukofotlariga loyiq topilgan.

Davra suhbati davomida olimning boy tajribalari va nazariy bilimlari jamlangan “Mehnat iqtisodiyoti. Nazariya va amaliyot” nomli  qayta ishlangan va to‘ldirilgan kitobning yangi nashriga alohida e'tibor qaratildi.

Mazkur kitob mehnat sohasiga taalluqli barcha muhim jarayonlarni – mehnat iqtisodiyoti, mehnat bozori, mehnat resurslari, inson kapitali, bandlik va migratsiya masalalari, ishsizlik, mehnat samaradorligi va mehnatni rag‘batlantirish, Xalqaro mehnat tashkilotining munosib mehnat konsepsiyasi, mehnat munosabatlari hamda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi bo‘yicha mehnat sohasini yanada takomillashtirish asoslari qamrab olgan.    

“Bunday dasrlikning yaratilishi jahon miqyosida keng ko‘lamda yuz berayotgan innovatsion o‘zgarishlarga to‘liq javob beradigan malakali kadrlarimizni tayyorlash yo‘lida tashlangan yangi qadam hisoblanadi, – deya ta'kidlaydi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev. – Ishonch bilan ayta olamizki, mazkur darslik mamlakatimizning iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy ta'lim muassasalari talabalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan ko‘p sonli xodimlar uchun qimmatli va foydali o‘quv adabiyoti bo‘lib qoladi”.

Suhbat jarayonida vazir Sherzod Kudbiyev Qalandar Abdurahmonovning mehnat sohasidagi salmoqli izlanishlari va sa'y-harakatlarini yuksak baholab, olim tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning alohida qadr-qimmatga egaligini ta'kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, Qalandar Abdurahmonov so‘nggi paytlar O‘zbekistonning barcha tarmoqlari qatori mehnat siyosatida ham tub islohotlar yuz berayotgani va shunga muvofiq mehnat munosabatlariga yangicha qarash, zamonaviy yondashuv talab etilayotgani,

“Mehnat iqtisodiyoti” kitobi orqali mana shu muhim mezonlar jahon va milliy tajriba misolida yoritilgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Suhbat yakunida yig‘ilganlarga shaxsan muallif tomonidan yangi nashr namunalari taqdim etildi hamda kelgusida ushbu kitobni ingliz, rus va boshqa xorijiy tillarda chop etib, mehnat sohasiga oid nazariy va amaliy bilimlarni keng targ‘ib qilish taklif etildi.      

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11