Mehnat qonunchiligiga asosan majburiy mehnat va ish vaqtidan tashqari ish tushunchalari bir-biridan o‘zaro farq qiladi.

10.05.2022


Mehnat qonunchiligiga asosan majburiy mehnat va ish vaqtidan tashqari ish tushunchalari bir-biridan o‘zaro farq qiladi.


Jumladan, Xalqaro Mehnat Tashkilotining 29-sonli konvensiyasiga muvofiq majburiy mehnat - ish beruvchi yoki fuqaro tomonidan biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali, shuningdek, mehnat intizomini saqlash maqsadida fuqaroning ixtiyoriga hilof ravishda majburiy ravishda ish yoki xizmat bajartirish hisoblanadi.
Majburiy mehnatning sub’yekti – ish beruvchi, davlat organi vakili yoki fuqaro bo‘lishi mumkin. Bitta majburiy mehnat holati bo‘yicha - bir nechta fuqaro yoki mansabdor shaxs bevosita yoki bilvosita majburiy mehnatni amalga oshiruvchisi bo‘lishi mumkin. Bitta majburiy mehnat holati bo‘yicha - bir nechta fuqaro majburiy mehnatning jabrlanuvchisi bo‘lishi mumkin.
Biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish turlari quyidagilar: jabrlanuvchini aldash, harakatini cheklash, ajratib qo‘yish (yakkalab qo‘yish), jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik o‘tkazish, qo‘rqitish yoki tahdid qilish, shaxsiga oid hujjatlarini olib qo‘yish, ish haqini kamaytirish (yoki ushlab qolish), ish sharoitlarini yomonlashtirish, huquq va imtiyozlarini yo‘qotish, ish vaqtidan tashqari ortiqcha ishlatish bo‘lishi mumkin.
Majburiy mehnatning jabrlanuvchisi o‘z ixtiyoriga hilof ravishda o‘zining xizmat vazifasiga kirmaydigan yoki haq to‘lanmaydigan ish yoki vazifalarni bajaradi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, istalgan ish yoki xizmatni bajarishga majburlash majburiy mehnat deb baholanadi.
Quyidagi ishlar, ya’ni:
- harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida;
- favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
- mayda jamoat ishlari;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Ish vaqtidan tashqari ish - xodimning kundalik ish (smena) muddatidan ortiqcha ishlashi - ishdan tashqari ish hisoblanadi. Demak, kundalik ish muddati 8 yoki 7 soatdan ortiqcha ish vaqtida ishlash - ishdan tashqari ishdir.
Shu bilan birga, qisqartirilgan ish vaqti tayinlangan xodimlarga nisbatan kunlik qisqartirilgan ish vaqtidan ortiqcha ish - ishdan tashqari ishdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, ishdan tashqari ish vaqtini hisobi – ish beruvchi tomonidan tabelda xodimning haqiqatda ishlagan ishdan tashqari ish soatlarini qo‘yib, jamlash orqali yuritiladi.
Mehnat qonunchiligi normalari mazmunidan kelib chiqib, xodimni ishdan tashqari ishlarga jalb qilish uchun ish beruvchining farmoyish shaklidagi hujjati (tavsiya etiladi: buyruq) chiqariladi va unda xodimning ishdan tashqari ishda ishlash kuni va soatlari ko‘rsatilib, xodimning yozma roziligi bilan (tavsiya etiladi: o‘zi tomonidan yozilgan FISH va roziligini tasdiqlovchi imzosi) tasdiqlanadi.
Ishdan tashqari ishning eng ko‘p muddati har bir xodim uchun surunkasiga 2 kun davomida 4 soatdan, yiliga 120 soatdan oshmasligi lozim. Mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda ishlovchi xodimlar uchun esa 1 kunda 2 soatdan oshmasligi kerak.
Ishdan tashqari ishlarga qo‘yidagi shaxslar jalb qilinmaydi:
- ish smenasining muddati 12 soatdan iborat bo‘lgan xodimlar;
- mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ishlovchi xodimlar;
- 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
- tibbiy tavsiyada taqiqlangan nogiron xodimlar.
Mehnat qonunchiligi bo‘yicha ishdan tashqari ishlar uchun kamida
2 hissa miqdorida haq to‘lanadi. Aniqrog‘i, ishdan tashqari ish soatlarining har soatini ish haqining soatlik stavkasi bo‘yicha kamida 2 ga ko‘paytirilgan holda to‘lanadi. Buxgalteriya hisobotida ishdan tashqari ish uchun to‘lovlar alohida to‘lov turi sifatida aks ettiriladi.
Ishdan tashqari ishning har bir soati uchun haq to‘lash - ish haqini hisoblashda qo‘llaniladigan bir soatlik ish haqi stavkasidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Bir soatlik ish haqi stavkasiga quyidagilar kiritiradi:
- yagona tarif setkasi bo‘yicha o‘rnatilgan tarif stavkasi;
- yoki boshqa qonun hujjati bilan belgilangan lavozim maoshi;
- Prezidentning 1997 yil 3 iyuldagi 339-sonli qarori bilan belgilangan ustamalar.
Xodimning iltimosiga binoan ishdan tashqari ish vaqti muddatiga mutanosib ravishda ta’til berish orqali qoplanishi mumkin. Mazkur holatda ishdan tashqari ishning har bir soati uchun 1 hissadan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi hamda xodimning dam olish sanasi ko‘rsatilgan ish beruvchining farmoyishi tusidagi hujjati (tavsiya etiladi: buyruq) chiqariladi.
Yuqoridagilarga asosan, majburiy mehnat va ish vaqtidan tashqari ish o‘rtasidagi farqni aniq tushunib olish joiz. Xodimning kundalik ish (smena) muddatidan ortiqcha ishlashi - ish vaqtidan tashqari ish. Majburiy mehnat esa – biror jazo qo‘llash tahdidi ostida ish bajarishdir.
Hurmatli xodimlar! Yuqoridagi nazarda tutilgan ishdan tashqari ishda, dam olish va bayram kunlarida ishlatish tartibiga rioya qilinmagan holatlarga duch kelganingizda Davlat mehnat inspeksiyasining
71-200-06-00 Ishonch telefoniga, www.dmi.mehnat.uz saytiga yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yozma ravishda murojaat qilishingiz so‘raladi.