Maoshni to‘lashmayaptimi? Bizni o‘z vaqtida xabardor qiling, Sizga yordam beramiz!

11.02.2022

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha doimiy ravishda izchil ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 2022-yilning yanvar oyida o‘tkazilgan 1041 ta nazorat tadbirlari davomida 5518 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 872 ta yozma ko‘rsatmalar va 26 ta taqdimnomalar kiritilib, fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlari tiklandi.

Shu jumladan, korxona, muassasa va tashkilotlarning xodimlariga ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab berilishini ta’minlanish bo‘yicha alohida e’tibor qaratilmoqda. Ish haqidan qarzdorlikka yo‘l qo‘ygan har bir tashkilot bo‘yicha alohida ishlar olib borildi.  Mavjud qarzdorliklarni undirish maqsadida 2022-yil yanvar oyida jami 143 ta korxonalarga yozma ko‘rsatmalar va 15 ta korxonalar bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2022-yil yanvar oyida  jami 93 ta korxonalardan 120,1 mlrd. so‘m miqdordagi ish haqidan mavjud qarzdorliklar undirilib, xodimlarning mehnat huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, 3 mlrd. so‘mga yaqin miqdordagi ish haqlaridan qarzdorlikni majburiy undirish maqsadida 283 ta da’vo arizalari sudlarga kiritildi, 17 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish, qonunchilik talablarini tushuntirish hamda fuqarolarni huquqiy bilimini yanada oshirish maqsadida, shuningdek, vazirlikning ishonch telefonlari va rasmiy veb-sayti ko‘rsatilgan 200 ta bannerlar tayyorlanib, aholi gavjum joylarga o‘rnatildi.