Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.Xayriddinov, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig‘i M.Mamatxonov, shuningdek, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etgan uchrashuvda 2020 yilda mehnat migrasiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, 2021 yildagi ishlar rejalashtirib olindi.
Dastlab elchilar “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. U yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Uchrashuvda 2020 yilda O‘zbekistonda tashqi mehnat migrasiyasini tartibga solish va migrantlarni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Prezident raisligida 17 avgust kuni xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlash, kasbiy tayyorgarlik va chet tillarini o‘rgatish, moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat migrasiyasidan qaytgan shaxslarning integrasiyasi, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, chet ellarga ketayotgan fuqarolarga kreditlar ajratish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Mazkur huquqiy hujjat ijrosi ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning tegishli davlat tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Rossiyada bo‘lib, mehnat migrantlarini rus tili va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv darslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rgandi. Tashrif doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti hamda “World Skills Russia” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama memorandum imzolandi. Unga asosan, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk Tomsk, Chelyabinsk shaharlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Rossiya Federasiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 271 nafar, O‘zbekistonda Rossiyada ishlash istagidagi 728 nafar hamyurtimiz rus tili va kasbga o‘qitildi.
O‘quv kurslarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qurilish, xizmat ko‘rsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik kabi sohalarda 25 ta kasb bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, rus tilini o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Ya’ni migrantlar Rossiya bozoridagi talab yuqori bo‘lgan, yuqori oylik to‘lanadigan kasblarga o‘qitilmoqda.
Ayni paytda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mehnat migrasiyasi sohasini yanada rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Yaponiya bilan imzolangan, maxsus malakali ishchilar maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish to‘g‘risidagi o‘zaro hamkorlik memorandumiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyaga ishga yuborish tizimini joriy etish uchun Toshkent shahrida yapon tili va malaka imtihonlarini o‘tkazuvchi test markazi ochildi. Bundan tashqari, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari bilan mehnat migrasiyasi sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Xorijda ishlab O‘zbekistonga qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o‘qitish, ichki mehnat bozoriga moslashtirish borasidagi faoliyatini tashkil etishiga ko‘maklashish maqsadida YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tamomlagan 71 nafar mehnat migranti va 60 nafar mehnat inspektoriga sertifikat berildi. Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha asosida 185 nafar mehnat migranti o‘qitildi. 2021 yilda yana 1,5 mingdan ortiq mehnat migrantini tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilgan.
Har bir mamlakatda mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning o‘z tartibi bor. Masalan, Rossiyada ishlash uchun patent olish lozim. Buning uchun esa Rossiya qonunchiligi va rus tilidan maxsus sertifikat talab etiladi. Rossiyada bu hujjatlarning hammasini to‘g‘rilash uchun ko‘p vaqt va ancha mablag‘ talab etiladi. Endilikda xorijda ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarga rus tili va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha sertifikatni mamlakatimizda turib olish imkoniyati yaratildi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Agentlikning Kvandju (Koreya Respublikasi) va Moskva (Rossiya Federasiyasi) shaharlaridagi rasmiy vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 2019 yilda Moskva shahridagi vakolatxonaning Sankt-Peterburg shahridagi vakilligi, joriy yilda Nosovibirsk, Yekaterinburg, Samara va Ufa kabi Rossiya Federasiyasining 4 shahrida vakilliklar ish faoliyatini boshladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 8 ming 690 nafar, xususiy bandlik agentliklari tomonidan 714 nafar fuqaro xorijga ishlash uchun yuborildi. 37 ming 48 nafar migrantlarga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan to‘lanmay turgan 708,3 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqi va pullik kompensasiyalar undirib berildi.
Pandemiya davrida Tashqi ishlar vazirligi va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda 11 ming 500 nafardan ortiq mehnat migrantiga turli ko‘rinishdagi moddiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Bugungi kunda bunday muhim chora-tadbirlar O‘zbekistonning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Albatta, bu ishlar mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat migrasiyasini qonuniy va tartibli tashkil etishda muhim omil bo‘ladi.