“Majburiy mehnatning oldini olish uchun adolatli ishga yollanishga ko‘maklashish” mavzusida mintaqaviy vebinar o‘tkazildi
2021-yilning 28-oktyabr kuni Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Turkmaniston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining qo‘shma tashabbusi bilan “Majburiy mehnatning oldini olish uchun adolatli ishga yollanishga ko‘maklashish” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Turkmaniston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi, Mehnat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Qatar Respublikasi vakillari hamda Xalqaro Mehnat Tashkilotining majburiy mehnat va adolatli yollash bilan doimo ish olib boradigan ekspertlari ishtirok etishdi.
Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mas’ul vazirliklar faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishdan iborat edi.
Unda XMT xalqaro eksperti Gaela Rudi Frayzer ishga yollashning adolatli amaliyoti va ularning ahamiyati haqida ma’ruza qildi hamda majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishining oldini olish zaruratining sababiy bog‘liqligi to‘g‘risida gapirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘z navbatida, mamlakatimizda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish sohasida erishilgan yutuqlari, xususan, vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan xalqaro hamjamiyat a’zolari va ekspertlar tomonidan e’tirof etilgan paxtachilik sohasidagi o‘zgarishlarning ijobiy natijasi hamda 2018-yildan buyon paxta yetishtirish kampaniyasi davridagi faoliyati natijalari taqdim etildi.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan Turkmaniston Respublikasidan ishtirok etgan vakillarga majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Turkmaniston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi tajriba almashish doirasida bunday muhim ma’lumotlarni taqdim etgani uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorchilik izhor etdi va o‘zaro munosabatlarning mustahkamlanishiga katta umid bildirdi.