Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mas'ullar javobgarlikka tortildi

29.10.2019

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurash va mehnat huquqlarini muhofaza qilish ishlari davom ettirilyapti.

Inspeksiya kelib tushayotgan murojaatlarni diqqat bilan o‘rganmoqda va  aybdor mas'ullarni jarimaga tortyapti. Bunda Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlari, dmi.mehnat.uz sayti va mehnathuquqbot Telegram boti orqali kelib tushayotgan murojaatlar hamda huquq himoyachilari bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlari muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, majburiy mehnatga jalb qilish holatlari, mehnat huquqi va mehnat sharoitlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni  buzganlik yuzasidan Inspeksiya ishchi guruhi tomonidan olib borilgan so‘nggi o‘rganish ishlari natijasida Xorazm, Farg‘ona, Namangan, Jizzax viloyatlarida qonunbuzarliklar aniqlandi.

Masalan, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini majburan paxta terimiga jalb etgani uchun boshqarma boshlig‘i, Xiva shahar Xalq ta'limi bo‘limi mudirasi tomonidan “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a'zolik badali yig‘ib olish to‘g‘risida buyruq chiqarilib, badal puli maktab pedagog xodimlaridan talab etilgani sabab, bo‘lim mudirasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga binoan eng kam ish haqining 30 barobari – 6.690.000 so‘mdan jarima tayinlandi.

Xuddi shu jarima qiymati Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani 22-sonli umumta'lim maktabi o‘qituvchilarini ularning roziligisiz majburan maktabdan tashqari hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etgani uchun maktab direktori, Namangan viloyati yer-mulk davlat kadastri To‘raqo‘rg‘on filiali xodimlarini majburan paxta terimiga jalb qilgan yer-mulk kadastri To‘raqo‘rg‘on filiali rahbari hamda Jizzax viloyati Paxtakor tumani Pensiya jamg‘armasi xodimlarini paxta terimi ishlariga majburan jalb etgani uchun jamg‘arma rahbariga nisbatan ham qo‘llanildi.

Shuningdek, paxta terimi paytida terimchilarga yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani, terim pullari o‘z vaqtida berilmagani va xodimlarni majburiy tarzda paxta terishga jalb etgani uchun Jizzax viloyatidagi qator mutasaddilar javobgarlikka tortildi.

Jumladan, terimchilar uchun yetarli shart-sharoit yaratmagan va terim pullarini o‘z vaqtida bermagan Sh.Rashidov tumani AT “Xalq banki” boshqaruvchisi, Mirzacho‘l tumani “Qaxramon Rasul Ota” fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan O‘zR MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima tayinlash uchun ma'muriy bayonnomalar taqdim etildi.

Xodimlarni majburiy ravishda terimga jalb etgani uchun esa Jizzax shahar Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari, Paxtakor tumani Moliya bo‘limi boshlig‘i, Paxtakor tumani AT “Xalq banki” filiali boshkaruvchisi, Arnasoy tumanidagi Obodonlashtirish boshqarmasi, Suvoqava DUK va Tibbiyot birlashmasi rahbarlari MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining ishonch tarmoqlariga murojaat qiling!