“LUKOIL” bilan hamkorlikda mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish borasida kelishib olindi

03.04.2024

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida Rossiya Federatsiyasi hududidagi "LUKOIL" guruhi tashkilotlarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilish to‘g‘risida yo‘l xaritasi va bitim imzolandi.

Hujjatlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda “LUKOIL” vakillari tomonidan imzolandi.

Hujjatda qayd qilinishicha, ishga nomzodlar malakasi, ish tajribasi va rus tilini bilishi, tibbiy va mehnat faoliyatiga qo‘yiladigan boshqa talablar inobatga olingan holda tanlanadi.

“LUKOIL” hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh mutaxassislarni yuborish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Ushbu kelishuvlarga asosan Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib boradigan hamyurtlarimizga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy masalalarda ko‘mak berishga kelishib olindi. Shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarni mustahkam egallagan fuqarolar xavfsiz va tashkillashtirilgan tarzda Rossiya Federatsiyasiga yuboriladi.