Koreyaga ishga joylashtirish tizimidagi monopoliyaga barham berildi!
Koreya Respublikasida ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi koreys tilidan saralash test sinovi bo‘yicha yangi shaffof tizimni joriy qildi.
Shu munosabat bilan Vazirlik noxolis va noto‘g‘ri talqinlarning oldini olish maqsadida ushbu vaziyatga aniqlik kiritib, yangi tizimning afzalliklari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tadi.
O‘zbekiston va Koreya mehnat vazirliklari o‘rtasidagi Memorandumga muvofiq, Koreyada ishga joylashish uchun O‘zbekiston fuqarolari koreys tilini bilish darajasi bo‘yicha ikki bosqichli – dastlabki va asosiy (EPS-TOPIK) test sinovlarini o‘tishi zarur. EPS-TOPIK testi Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD) tomonidan o‘tkaziladi. Dastlabki test sinovi esa yaqin paytgacha Toshkent shahrida joylashgan faqat bitta tashkilot tomonidan o‘tkazib kelingan. Bu, o‘z navbatida, monopoliya holatini yuzaga keltirib, viloyatlik fuqarolar uchun noqulaylik va ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqargan.
Test sinovlarini o‘tkazadigan tashkilot test natijalariga ko‘ra fuqarolar bilimini baholash ko‘rsatkichlari reytingini yuritmagan. Fuqarolarni keyingi bosqich test sinovlariga tanlash mas'uliyati natijalar haqqoniyligini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan edi. Qolaversa, dastlabki test sinovining savollari o‘zimizning oliy ta'lim muassasalari sa'y-harakati bilan O‘zbekistonda tuzilib, koreyalik mutasaddilar tomonidan qabul qilinadigan EPS-TOPIK savollari bilan bog‘liq emas edi. Bu holat fuqarolar uchun noqulaylikni yuzaga keltirgan.
Shu bois, saralash test sinovlari tizimi noshaffof va fuqarolarga tushunarsiz bo‘lib, bu holat korrupsiya xavfi va aholi noroziligini yuzaga keltirayotgan edi. Bundan tashqari, koreyalik mutasaddilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining koreys tilini bilish darajasi pastligi yuzasidan qator e'tirozlar bildirilgan. Koreyalik mutasaddilar sifat darajasini oshirish va dastlabki saralash tizimidagi monopoliyani tugatish yuzasidan bir necha bor tavsiyalar bergan.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12 sentabrdagi qarori bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketuvchi fuqarolar kasbiy malakasi va til bilish darajasini baholovchi markazlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishning yangi tizimi joriy qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, monopoliya tugatilib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida respublika hududlarida xorij tilini bilish bo‘yicha test markazlarini tashkil etish uchun sharoitlar yaratildi. Koreys tilidan dastlabki test sinovlari borasida esa test savollari qaytadan tuzilib, EPS-TOPIK savollariga bog‘liq holda ishlab chiqildi. Muhimi, test markazlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuzilgan hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari, vakolatlari aniq ko‘rsatilib, belgilab qo‘yilgan shartnoma asosida dastlabki test sinovini o‘tkazish tizimida ishtirok etishlari mumkin.
Test markazlari test sinovidan eng yaxshi ko‘rsatkichlarga (70 foizdan boshlab, eng yuqori ballgacha) ega fuqarolar ro‘yxatini mustaqil tarzda aniqlab, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim etadi. Bunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi test topshirgan fuqarolar orasidan istalgan nomzodni tanlab olish asosida, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda test natijalari haqqoniyligini tekshirish huquqiga ega. On-layn tartibda dinamik reyting olib borilib, har bir fuqaro o‘zlari topshirgan test natijalarini Vazirlik sayti orqali bemalol tekshirib ko‘rishlari mumkin.
Yangi tizim test sinovining haqqoniyligi va shaffofligi uchun tomonlar mas'uliyatini oshirish, fuqarolarni koreys tilini o‘rganishga rag‘batlantirish, shuningdek, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tish va keyinchalik Koreyada ishga joylashish uchun yagona mezon sifatida yuqori bilim darajasini o‘rnatishga imkon beradi.
Yangi tizim joriy qilingunga qadar dastlabki imtihonlarni topshirgan fuqarolar esa test markazlari tomonidan berilgan malaka sertifikatiga ega bo‘lsa, dinamik reytinga kiritiladi.