KOREYADA ISHLASHNI ISTAGANLARGA YANA BIR QULAYLIK

17.08.2023

KOREYADA ISHLASHNI ISTAGANLARGA YANA BIR QULAYLIK

🇺🇿🇰🇷Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev Koreya Respublikasi Qirol Sejong koreys tili markazi (KSIF) Toshkent shahar filiali direktori Xur Seong Xayeng hamda Namangan shahar filiali direktori Son In Sungni qabul qildi.

Mazkur uchrashuvda Koreyada ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni koreys tiliga oʻqitish sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalar asosida qisqa vaqt ichida oʻrgatish, EPS-Topik test imtihonlariga ixtisoslashtirilgan oʻquv dasturlari asosida onlayn va oflayn oʻquvlarni tashkil qilish boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi.


 

Til oʻrganuvchilarni oʻquv qurollari va tarqatma materiallar bilan taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Qirol Sejong koreys tili markazi (KSIF) tomonidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur oʻquv kurslarining ochilishi kelgusida Koreyada ishlash istagida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun ajratiladigan kvotalarni saqlab qolishga va yoshlarning til oʻrganish imkoniyati ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur oʻquv kurslari Koreya Respublikasi tomonidan taqdim etiladigan Ye-9 vizasidan tashqari, Ye-7 va Ye-8 vizalari boʻyicha ham tatbiq etilishi mumkin.