Joriy yil sentyabr oyida paxta yig‘im-terimi davrida mehnat huquqlari buzilishiga oid 191 ta murojaat kelib tushgan
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan брифингда Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov ma’lum qildi.
Ushbu murojaatlarning 11 tasi munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 13 tasi terim pullari o‘z vaqtida berilmayotganligi, 167 tasi 1 kg teriladigan paxtaning narxi to‘g‘risida bo‘ldi.
Hududlarda tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilib, shulardan, 4 ta murojaat qanoatlantirildi, 177 ta murojaat bo‘yicha terimchilar va fermer xo‘jaliklariga tushuntirish berildi, 10 ta murojaat esa o‘z tasdig‘ini topmadi.
Shuningdek, ishchi guruhlar tomonidan hududlarda paxta yig‘im-terimida ishtirok etgan terimchilarga yaratilgan mehnat sharoitlarining holati, fuqarolarga nisbatan majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldini olish maqsadida, 592 ta ob’yektda (64 ta klaster va 428 ta fermer xo‘jaliklarida) monitoring ishlari, targ‘ibot va tushuntirishlar amalga oshirildi.
Agar paxta yig‘im-terimi mavsumida mehnat huquqlaringiz buzilishi sodir bo‘lsa yoki shu kabi holatlarga guvoh bo‘lsangiz, vazirlikning 1176 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” hamda “Munosibmehnat.uz” telegramm botiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi.